“Mikrokreditbank” АTB Surxondaryo viloyati filiali zamonaviy binoda ish boshladi

“Mikrokreditbank” АTB Surxondaryo viloyati filiali zamonaviy binoda ish boshladi

Surxondaryoda “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik tijorat bankining 10 ta filiali, 3 ta Bank xizmatlari markazi hamda 2 ta minibanki mavjud. Ular hududdagi 200 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarga bank xizmatlari koʼrsatib kelmoqda

Bugungi kunda bankning viloyatda 24/7 tartibida ishlovchi shoxobchalari soni 15 tani tashkil etadi. Ushbu shaxobchalarda 49 ta bankomat oʼrnatilgan boʼlib, aholiga kunu tun xizmat koʼrsatib kelmoqda.
Bugun mamlakatimizning boshqa hududlarida boʼlgani kabi Surxondaryoda ham “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik tijorat bankining mijozlari safi ortmoqda. Bank tomonidan koʼrsatilayotgan xizmatlar sifat jihatdan tobora yaxshilanib bormoqda.
Bu haqda “Mikrokreditbank” АTB Surxondaryo viloyati filialining zamonaviy binosi foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda taʼkidlandi.
Tadbirda “Mikrokreditbank” АTB Boshqaruv raisi oʼrinbosari Rustam Sulaymonov, viloyat hokimining birinchi oʼrinbosari Fayzullo Maminov hamda viloyat faollari ishtirok etdi.
Yurtimizdagi tijorat banklari bugun nafaqat kredit ajratuvchi yoki bank xizmatlarini koʼrsatuvchi moliyaviy muassasa, balki odamlarning ogʼirini yengil qiluvchi, yaqindan yordam beruvchi va ishonchli maslahatchiga ham aylanmoqda. Bu davr talabi. Chunki aholi, yaʼni mijozlar bilan yaqin hamkorlik qilmasdan, bu borada ularni qiynayotgan masalalarga yechim topmasdan, ijobiy natijaga erishish qiyin
“Mikrokreditbank” aktsiyadorlik tijorat banki jamoasi bu borada yetarlicha tajribaga ega hamda salmoqli natijalarni qoʼlga kiritmoqda. Natijada esa bank mijozlari safi kengayib, koʼrsatilayotgan xizmatlar sifat jihatdan tobora yaxshilanib borayotgani shundan dalolat beradi.
Misol uchun, birgina oʼtgan yili “Mikrokreditbank”ning barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 5,9 trln. soʼmlik kreditlar ajratilib, 95 mingga yaqin aholi bandligi taʼminlandi. Xususan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturiga asosan, 73 mingga yaqin aholi va tadbirkorlik subʼektiga 2 048 mlrd. soʼmlik kreditlar berilib, 81 mingdan ziyod yangi ish oʼrni yaratildi.
Bank tomonidan bu kabi ishlarni uzviy davom ettirish, mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida Surxondaryo viloyat hududiy filiali yangi va zamonaviy binoda ish boshladi.
2021 yil viloyatdagi filiallar tomonidan 52 mingdan ortiq aholi va tadbirkorlik subʼektlariga 588 mlrd. soʼmdan ortiq kredit mablagʼlari ajratilib, 10 mingga yaqin aholi bandligi taʼminlandi. Joriy yilning birinchi choragida esa 10 mingga yaqin mijozga 113,1 mlrd. soʼm miqdorida kreditlar ajratilib, natijada 1 200 dan ortiq yangi ish oʼrinlari yaratildi.
Misol uchun Muzrabot tumanidagi "Аlpomish Servis Invest" xususiy korxonasining 48,2 mlrd. soʼmlik (bank krediti 3,5 mln. АQSh dollari) bir martalik shprits va bint ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish hisobiga 50 ta yangi ish oʼrni yaratildi.
Shuningdek, ushbu tumandagi "Dustlik Cooperation" MChJning 109,4 mlrd. soʼmlik (shundan bank krediti 6 mln. АQSh dollari) un ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasi, Qumqoʼrgʼon tumanida "Niyozov Аbulqosim" xususiy korxonasining 7,3 mlrd. soʼmlik (shundan bank krediti 300 ming АQSh dollari) parrandachilik loyihasi, Termiz tumanida “Termiz Tekstilь” MChJning 15,9 mlrd. soʼmlik (shundan bank krediti 1 mln. АQSh dollari) toʼqimachilik mahsulotlariga rang berish va tikuvchilik loyihasini moliyalashtirish hisobiga 100 dan ortiq yangi ish oʼrinlari yaratishga erishildi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 iyundagi “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, bugungi kunda bank Surxondaryo viloyatidagi 12 ta parrandachilik korxonalariga xizmat koʼrsatib kelmoqda.
Birgina oʼtgan yilda ushbu xoʼjaliklarga 23 mlrd. 770 mln. soʼmlik kredit mablagʼlari ajratildi. Shundan, tuxum yoʼnalishida 7 ta loyihaga 15 mlrd. 830 mln. soʼm, goʼsht yoʼnalishidagi 3 ta loyihaga 7 mlrd. 940 mln. soʼm kredit ajratilgan.
Tuxum yoʼnalishida Jarqoʼrgʼon tumanida faoliyat yuritayotgan “Parranda kompleks” MChJga 70 ming dona tovuq hamda ozuqa yem mahsuloti sotib olish uchun 5 mlrd. soʼm kredit mablagʼi ajratildi. Korxona tomonidan 70 ming dona tovuq olib kelingan. Natijada bir kunda oʼrtacha 56 ming dona tuxum olinmoqda.
“Mikrokreditbank” АTB Surxondaryo viloyatidagi filiallari tomonidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida oʼtgan yilda 8,5 mingdan ziyod mijozga 228,7 mlrd. soʼm kredit mablagʼlari ajratildi. Buning natijasida esa jami 92 829 mingdan ortiq yangi ishchi oʼrinlari yaratishga erishildi.

Shuningdek, joriy yil birinchi choragida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida bankning Surxondaryo viloyati mintaqaviy va tuman filiallari tomonidan 500 dan ortiq mijozga 14,2 mlrd. soʼm kredit mablagʼlari ajratildi hamda 566 ta yangi ish oʼrinlari yaratildi.
Ushbu bank tomonidan joylardagi filiallarini zamonaviy qiyofaga keltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu bankning xizmat koʼrsatish sifatini yanada oshirib, mijozlarga qulaylik yaratishi shubhasiz.