Surxondaryoda Ramazon hayiti katta shodu xurramlik bilan boshlandi

Surxondaryoda Ramazon hayiti katta shodu xurramlik bilan boshlandi

Muborak Ramazon hayitining birinchi kuni Surxondaryo viloyatida shodu xurramlik va shukronalik kayfiyatida boshlandi. Erta tongda viloyatdagi 124 ta jome masjidlarida hayit namozi oʼqildi. Unda 188 mingdan ortiq namozxon saodatli kun ibodatini ado etdi.

Termiz shahridagi Hakim Termiziy nomidagi jome masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum boʼldi.

Hayit namozi maʼruzasida maʼnaviy qadriyatlarimiz yuksalishi yoʼlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, bugungi farovon hayotimiz mazmun-mohiyati haqida soʼz bordi. Insonlarga mehr koʼrsatish hamda yaxshilik qilish savobi haqida aytildi.

Ramazon hayiti namozida yurtdoshlarimiz shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytib, elimizga tinchlik-xotirjamlik, omonlik, qut-baraka tilab duolar qildi.

Ramazon hayiti amallarini ado etgan vohadoshlarimiz bir-birlarini bayram bilan qutlashgach, yaqinlarini yoʼqlashga, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olishga, ularga hadyalar ulashish, xayru saxovat kabi ezgu amallar bajarishga oshiqdilar.