MAHALLANI YAYOV KEZGANDA YOHUD “BIR MAHALLA – BIR MAHSULOT” TAMOYILI IJROSINI TA’MINLASH

MAHALLANI YAYOV KEZGANDA YOHUD “BIR MAHALLA – BIR MAHSULOT” TAMOYILI IJROSINI TA’MINLASH

Kecha, 19-aprel kuni Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev boshchiligida, 3-sektor rahbari A.Normamatov va mas’ul rahbarlar birgalikda “Pattakesar” mahallasida o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Jarayonda mahallada asalarichilik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqaro Anvar Qurbonov xonadoniga tashrif buyurildi.

Muloqot asnosida hokim tomonidan fuqaroga asalarichilik faoliyatini yanada kengaytirishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilishi hamda mahalladoshlaridan 30 ta oilaga ushbu kasb sir-asrorlarini o‘rgatishi borasida kelishib olindi. Joriy yilning 2-chorak mobaynida hokim yordamchisining tavsiyasi asosida mahalladagi 30 ta oila kredit olib asalarichilik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va daromadga ega bo‘lishi uchun tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Shuningdek, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili ijrosi doirasida mahalladagi tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.

Mahalla drayveridan (ixtioslashuvi) kelib chiqib hududda chorvachilik, tovuqchilik hamda issiqxona va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish maqsadida 80 ta xonadonga PQ-5281-sonli Prezident qarori asosida kredit ajratilishi bo‘yicha hokim yordamchisiga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berilib ijrosi nazoratga olindi.

Shundan so‘ng shahar hokimi va mutasaddilar “Amu-sohillari” mahallasiga borishdi. Mazkur mahallada ham tadbirkorlar bilan muloqot qilinib ularga faoliyatini kengaytirishi uchun imtiyozli kredit ajratilishida tegishli tartibda zarur amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.