Surxondaryodagi sektorlar rahbarlari va kotiblari uchun oʼquv-seminar tashkil etildi

Surxondaryodagi sektorlar rahbarlari va kotiblari uchun oʼquv-seminar tashkil etildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yilning 1-2 iyunь kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida oʼtkazgan yigʼilishida sektorlar rahbarlari uchun “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash boʼyicha joriy etilayotgan yangi tizimni oʼrgatish, islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, sektorlarning “oʼsish nuqtasi”ni belgilab olish koʼnikmalarini mustahkamlash vazifasi ham qoʼyilgan edi.
Termiz shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan oʼquv-seminarda tuman, shahar hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar boʼlimi boshliqlari va soliq idoralari rahbarlari, sektorlar kotiblari ishtirok etdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Toʼra Bobolov, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʼrinbosari Q.Quranboev davlatimiz rahbari tomonidan berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish koʼrsatkichlarining oʼsish nuqtalarini belgilashda sektor rahbarlarining masʼuliyati haqida soʼz yuritdi.
Prezidentimiz viloyat faollari yigʼilishida vohani kompleks rivojlantirish, “mahallabay” ishlash asosida aholi muammolarini hal etish va hayotini yaxshilashning muhim ustuvor yoʼnalishlarini belgilab berdi. Surxondaryo tajribasini yaratish uchun sektorlar rahbarlariga aniq vazifalar qoʼyildi. Shunga muvofiq endilikda sektor rahbari oʼz hududida doimiy ishlab, xonadonma-xonadon yuradi. Аniqlangan muammolarni joyida hal etish choralarini koʼradi. Shu tariqa viloyatda mavjud 721 ta mahalla bilan manzilli ishlanib, aholi bandligi taʼminlanadi. Kambagʼallik qisqartiriladi. Har bir mahallaning “oʼsish nuqtalari” hayotga tatbiq etiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bilan shugʼullanadi. “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Аyollar daftari” bilan doimiy ishlaydi. Sektorlarda amalga oshirilayotgan bu ishlarning asosiy koʼrsatkichlari tegishli tartibda baholanadi. Ishtirokchilarga sektor faoliyatini baholashning yangi mezonlari haqida maʼlumot berildi. Mahalla raislari bilan ishlash kunlik, haftalik oylik rejalarni tuzish va uni amalga oshirish mexanizmlari, ish jarayonida eʼtibor qaratilishi zarur boʼlgan muhim jihatlar aytib oʼtildi.
– Hududlarni borib koʼrganimizda mahallalardan biriga tijorat bankidan biriktirilgan xodim bilan suhbatlashdim, – deydi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi oʼrinbosari O.Hasanov. – U yilning oʼtgan davrida oʼz tashabbusi bilan 9 kishiga kredit mablagʼi ajratishga koʼmaklashganini aytdi. Bu samarali ishmi? Oʼsha kuni bank xodimi bilan uch soat mahallani aylanib, kredit olishga xohish bildirgan 20 ga yaqin kishini aniqladik. Bugun xalqni rozi qilish uchun davlat rahbari hammadan jon kuydirib ishlashni soʼramoqda. Buning uchun rahbar menejer boʼlishi kerak. Sektor rahbari odamlarning uyiga kirib, piyolasidan bir qultum choy hoʼplagach, muammolarini soʼrasa ham bu oʼsha xonadon uchun katta motivatsiya boʼladi. Uy egalari quvonganidan harakatga keladi. Endilikda qaysi sektor rahbarining kotibi bilimli, harakatchan va tashabbuskor boʼlsa, oʼsha sektorda ish yaxshi ketadi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda baholash reytingining yoʼlga qoʼyilgani hududlarga belgilangan prognoz parametrlari choraklar hamda yil yakuni bilan ijobiy koʼrsatkichlarga erishishda muhim omil boʼladi. Qaysi yoʼnalishda qoloqlikka yoʼl qoʼyilsa, shu sektor rahbari tezkorlik bilan mavjud muammolarni aniqlab, ijrosini taʼminlash uchun oʼzining “yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqadi va shu asosda muammoning yechimini topadi.
– Oʼquv mashgʼulotlari juda mazmunli, samarali oʼtdi, – deydi Аngor tumani hokimi, birinchi sektor rahbari Shohjahon Аbdullaev. – Sektor hududida tamomila yangicha tizimda “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash boʼyicha muhim tavsiyalar berildi. Shunga asosan, har bir mahallada boʼlib, xonadonma-xonadon yurishni belgilab oldim. Hududimda 12 mahalla bor. “Yoshlar daftari”da 3 ming 614 nafar yigit-qiz, “Аyollar daftari”da 1 ming 322 xotin-qiz, “Temir daftar”da 80 nafar nogiron va ehtiyojmand fuqaro roʼyxatda turibdi. Bugundan hokimlik vazifamni birinchi oʼrinbosarimga yuklab, oʼzim sektorda ish boshlayman. Uch oyda “daftar”lardagi yoshlar va xotin-qizlar muammolarini hal etaman. Ish bilan taʼminlayman. Nogiron va ehtiyojmandlarni moddiy-maʼnaviy qoʼllab-quvvatlash uchun jamgʼarmalarimizda yetarli mablagʼ mavjud. Faqat ishni samarali tashkil etib, kecha-kunduz xalq orasida boʼlishni rejalashtirib oldim.
Prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʼyicha maslahatchisi oʼrinbosari Sh.Аtabaev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirining birinchi oʼrinbosari S.Xolxoʼjaev “Temir daftar”ga kiritilgan kam taʼminlangan oilalar bilan ishlash uslublari, yangi tizimda “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash boʼyicha maʼlumot berdi. Mahallaning “oʼsish nuqtalari”ni belgilashda sektor rahbarlarining oʼrnini tushuntirdi.
– Oʼquv-seminarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mutasaddilari ishimizni baholashning yangi tizimini sodda tilda tushuntirib bergani ham ayni muddao boʼldi, – deydi Qiziriq tumani prokurori, ikkinchi sektor rahbari Jasurbek Rahimov. – Shuningdek, sektorlar bilan ishlashda yoʼl qoʼyib kelingan kamchiliklar ham ochiq aytildi. Toʼgʼri, hozirgacha sektor faoliyatini toʼlaqonli yuritishda ayrim kamchiliklarimiz bor edi. Endi toʼliq sektor bilan ishlayman. Sektorga biriktirilgan 10 mahallada 37 mingga yaqin aholi yashaydi. Ular bilan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlab, Prezidentimiz viloyatga tashrifi chogʼida belgilab bergan 8 ta yoʼnalish boʼyicha barcha vazifalarni bajaraman. Bugun bu borada olib boradigan ishlarimiz sodda tilda aniq tushuntirib berildi.
Seminar ishtirokchilarida Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirining birinchi oʼrinbosari G.Marufovaning “Аyollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning muammolarini hal etish va ularni daftardan chiqarish tartibi, elektron maʼlumotlarni yuritish, Yoshlar ishlari agentligi direktori А.Saʼdullaevning “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar bilan tizimli ishlash hamda daftar.mehnat.uz platformasining yuritilishiga bagʼishlangan maʼruzalari ham qiziqish uygʼotdi.
Oʼquv-seminarda sektorlar rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish boʼyicha ishlab chiqilgan uslubiy qoʼllanma tarqatildi. Sektorlar rahbarlari va kotiblarining savollariga atroflicha javob berildi. Yangi tizimda Surxondaryo tajribasini yaratish yuzasidan taklif va tavsiyalar ilgari surildi.