Prezident Shavkat Mirziyoev bugun qutlugʼ 75 yoshga toʼlgan Oʼzbekiston xalq artisti Sherali Joʼraevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash toʼgʼrisidagi farmonni imzoladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev bugun qutlugʼ 75 yoshga toʼlgan Oʼzbekiston xalq artisti Sherali Joʼraevni “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlash toʼgʼrisidagi farmonni imzoladi.

Davlatimiz rahbari ushbu sana munosabati bilan hurmatli hofizimizga tabrik ham yoʼlladi.

“El-yurtimiz Sizni butun hayotini oʼzbek madaniyati va sanʼatini rivojlantirishga bagʼishlagan, oʼz ijodiy maktabini yaratgan ulkan va betakror isteʼdod egasi, fidoyi va millatparvar shaxs sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi” deyiladi tabrikda.

Sherali Joʼraev 50 yildan ziyod ijodi davomida “Oʼzbegim”, “Sohibqiron”, “Egasi bor yurt”, “Karvon”, “Sarbon”, “Inson qasidasi” kabi 600 ga yaqin qoʼshiq yaratgan. Uning “Birinchi muhabbatim”, “Yoshligimiz”, “Oy yuzingga”, “Oshiqlar sardori”, “Doʼst boʼlsang, yonimda tur” kabi ashulalari xalq qoʼshiqlariga aylanib ketgan.

Xonanda mumtoz shoirlarimiz gʼazallarini kuyga solib, xalqimiz merosini yosh avlodga va jahonga tanitishga ulkan hissa qoʼshgan.
Sherali Joʼraev 1981 yilda “Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan artist”, 1987 yilda “Oʼzbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, 2018 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga sazovor boʼlgan. Bugungi “El-yurt hurmati” ordeni isteʼdodli va fidoyi sanʼatkorga davlatimizning eʼtibori, xalqimiz hurmatining yana bir ifodasi boʼldi.

Hofiz oʼz madaniyati, fidokorona mehnati bilan el orasida obroʼ-eʼtiborga, katta hayotiy tajribaga ega. Bugungi kunda Sherali Joʼraev “Vatandoshlar” jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi vazifasida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Ulugʼ sanʼatkorimizga koʼrsatilgan bunday hurmat mamlakatimizda, umuman, sanʼat sohasiga qaratilayotgan eʼtiborning bir ifodasidir.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning shu yil 2 fevraldagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori asosida bu boradagi ishlar yangi bosqichga koʼtarildi. Yosh avlod qalbida milliy madaniyatga boʼlgan muhabbatni shakllantirish, isteʼdodlarni aniqlash va tarbiyalashga yanada keng sharoitlar yaratilmoqda. Bunda Sherali Joʼraev kabi ustoz sanʼatkorlarning namunasi, ijodiy maktabi katta oʼrin tutadi.