QOʼSHNISINI TUNАGАN OʼGʼRI!

QOʼSHNISINI TUNАGАN OʼGʼRI!

Nurilla tuppa-tuzukkina “Fayz” bozorida savdo qilib, roʼzgʼor tirikchiligiga yordamlashib yuruvdi. Erta ketib, kech kelib savdo yaxshi boʼlgan kunlar bozorlik qilib kelishni kanda qilmasdi.

Shu kuni uyga kelsa, hech kim yoʼq. Surishtirsa toʼrt, besh hovli naridagi bir qarindoshi toʼy qilayotgan ekan. Uydagilari oʼsha qarindoshinikiga ketibdi. Bunday qarasa yon qoʼshnisi Murod aka ham bolalari bilan oʼsha tomonga ketishibdi.
Аtrofda hech kim yoʼq. Uning ichiga shayton kirdi. Bu yilgi tomorqasidan chiqqan hosilini moʼmaygina pullagan, toʼy qilish uchun yigʼib yurgan yon qoʼshnisi Murod akaning pulini oʼmarishni reja qildi.

Oshxonadagi pichoqni oldida sekin, bekinib hamsoyasining uyi tomon yurdi. Hovliga kirib, u tomon, bu tomonga qarasa hech kim yoʼq. Uyi ichiga kirib, mehmonxonasiga qarasa eshigi qulflangan turibdi. Uni pichoq bilan buzib ochdida, ichkariga kirsa uchta sandiq boʼlib, sandiqlardan birining eshigi qulflangan holda turibdi. Shu qulfni ham qoʼlidagi pichoq bilan buzdi. Sandiqning ichidagini titkilab koʼrayotgan chogʼi qoʼli oʼralgan narsaga tegdi. Sandiqdan tashqariga chiqarib koʼrsa, aynan u izlagan pul ekan. Tugunni oʼzi bilan olib chiqib ketdi. Uyiga oʼtib, hech kim yoʼqligidan foydalanib, haligi oʼgʼirlangan pullarni erinmay sanab chiqdi. Yigirma bir million uch yuz ming soʼm va yuz “koʼki” ham bor ekan. Nurilla dunyo topganday oʼzida yoʼq xursand. Ikki yarim millionini boʼlak ajratdida, buni onasiga savdo pulim roʼzgʼorga ishlating deb bermoqchi boʼldi.
Qolganlarini taxlab, yana qayta boshqa qogʼozga oʼrab, shu yerlik oʼrtogʼi Qoʼldoshlarnikiga olib ketdi. Borib, oshna shu omonatim senda tursin, kerak boʼlganida olaman, - deb unga qoldirib qaytdi. Yonboshlab televizorga qarab yotgan chogʼi uydagilari birin-ketin kirib kelishdi. Onamga beraman deb ajratib qoʼygan pullarni onasiga berdi. Shu savdodan orttirganim uyga biror narsa olasizda, - deb onasini xursand qilib qoʼydi. Onasi ham pul topar oʼgʼlini uzoqdan-uzoq alqadi.
Tong otgach, qoʼshnilari ham uyqudan turishib, u yoq - bu yoqni yigʼishtirib, uy bekasi Nigora opa ichkariga kirib qarasa mehmonxona ochiq, ichkaridagi sandiq ham ochiq, yigʼib qoʼygan pullari ham joyida yoʼq. Birdan entikib otilib chiqib, uyga oʼgʼri kiribdi, hammasini olib ketibdi, - deb dod soldi. Murod aka ham otilib ichkariga kirsa, shu ahvol! U toʼgʼri ichki ishlarga borib, xabar qildi.
Tezkor guruh xodimlari ham anoyi emas ekan. Ular sandiqdan, eshik atrofidan barmoq izlarini olib, laboratoriyada ishlov berib, gumon qilgan qoʼshnisining ichki ishlardagi barmoq izi bilan solishtirsa bir xil chiqdi.
“Fayz”ga borib Nurillani topishdi-da, biz bilan ichki ishlarga borasiz, baʼzi bir narsaga aniqlik kiritmoqchimiz deyishdi. U shu yerning oʼzida bor gapni aytib berdi. Oshnasidagi pulni ham, onasidagisini ham olishdi. Onasining quvonchi uzoqqa bormadi. Idorada toʼlgʼazilgan qogʼozlarga qoʼl quya turib, meni bir “shayton” yoʼldan urdi-da, - deya oldi xolos.
Hali uylanishga ham ulgurmagan Nurilla Mamatovga sudlandi degan tamgʼa bosildi. “Qaqaydi”liklar unga qiz bermasalar ham kerak.
“Shaytonga qul boʼlmoq, - yoʼldan chiqmoqdir” degan soʼzlar Nurilla Mamatovga oʼxshaganlarga nisbatan aytilgan boʼlsa, ne ajab.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʼyicha sudlov hayati sudyasi
S.Suvonqulov