Аdolat va qonun ustuvorligi — inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy sharti

Аdolat va qonun ustuvorligi — inson qadr-qimmatini taʼminlashning eng asosiy sharti
Sayyor qabulda Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda boʼlib, tuzalish yoʼliga oʼtgan hamda oʼrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilgan toʼrt nafar mahkum jazo oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Surxondaryo viloyat umumyurisdiktsiya sudlarining 2022 yil 1-yarimiga moʼljallangan jismoniy va yuridik shaxs vakillarini hududlarda sayyor qabul qilish rejasiga muvofiq 2022 yil 19 fevralda Termiz shahar Madaniyat uyi binosida Surxondaryo viloyat sudi raisi va rais oʼrinbosarlari hamda Surxondaryo viloyat maʼmuriy sudi raisi tomonidan sayyor qabul oʼtkazildi.
Unda jismoniy va yuridik shaxs vakillaridan jami boʼlib, 55 ta murojaatlar qabul qilindi.Shundan jinoyat ishlari boʼyicha 21 ta, maʼmuriy huquqbuzarlik ishlari boʼyicha 3 ta, fuqarolik ishlari boʼyicha 25 ta, iqtisodiy ishlar boʼyicha 3ta, ommaviy munosabatlar boʼyicha 3 tani tashkil qildi. Murojaatlarni oʼrganish jarayonida 5 nafar fuqarolarning murojaati arizani oʼrganish vaqtida joyida hal etildi, 2 nafar fuqaroning arizasi arizalari mazmunan koʼrish uchun qabul qilindi, 21 nafar fuqarolarning murojaatlari boʼyicha huquqiy koʼmak va tushuntirishlar, 23 nafar fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi.
Sayyor qabul jarayonida jinoyat ishlari boʼyicha Termiz shahar sudi raisi I.Shaymanovning raisligida Termiz shahar IIB Probatsiya guruhida jazo oʼtab turgan toʼrt nafar mahkumni Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan jazoni oʼtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, bir nafar mahkumni boshqa jazoga almashtirish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar koʼrib chiqildi.
Sud, ish hujjatlarini atroflicha oʼrganib chiqib, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, Termiz shahar Ichki ishlar boshqarmasi Probatsiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda boʼlib, oʼrnatilgan tartib qoidalariga rioya qilgan, oʼzining hulqini ijobiy tomonga oʼzgartirgan, jazoni oʼtash davrida intizomiy jazoga tortilmagan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʼla anglab yetib, tuzalish yoʼliga oʼtgan, sudlar tomonidan oʼrnatilgan taqiq va cheklovlarga toʼliq rioya qilgan, bundan oʼzlariga tegishli xulosa chiqargan toʼrt nafar mahkumlarni Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan oʼtalmay qolgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Bir nafar mahkum sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini oʼtashdan boʼyin tovlagani uchun oʼtalmagan ikki yil ahloq tuzatish ishlari jazosi xuddi shu muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.
Sayyor sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, jazoni oʼtash davrida oʼrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari lozimligi, jazoni oʼtash tartibini buzganlik uchun saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan intizomiy chora oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Sud-huquq tizimida amalga oshiriladigan barcha ishlar zamirida qonun ustuvorligini taʼminlash, odil sudlovga erishish kabi ezgu gʼoyalar yotadi. Аynan inson va adolatli sud oʼrtasidagi oʼzaro munosabatlarda qonuniylikni va adolatni taʼminlaydigan harakatlar zamirida xalqimizning osoyishta hamda rozi boʼlib yashash huquqi turibdi.

Ikrom Shaymanov,
Jinoyat ishlari boʼyicha Termiz shahar sudining raisi