Surxondaryo oʼzbek va afgʼon ishbilarmonlarini Termizga chorlamoqda

Surxondaryo oʼzbek va afgʼon ishbilarmonlarini Termizga chorlamoqda

Termiz shahrida joriy yilning 24-26 may kunlari Oʼzbekiston va Аfgʼoniston ishbilarmonlari ishtirokida biznes forum, hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi hamda kooperatsiya birjasi, shuningdek, “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʼrgazmasi oʼtkaziladi.

Аyni paytda Surxondaryo viloyatida mazkur tadbirga puxta hozirlik koʼrilib, koʼcha va xiyobonlar tadbir mazmuniga mos bannerlar bilan bezatilayotir. Biznes forum, koʼrgazmalar, sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi oʼtkaziladigan hududlarda yirik hajmdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Pandemiya sharoitida mehmonlarni kutib olish, tadbirlarni yuqori saviyada oʼtkazish uchun tegishli choralar koʼrilmoqda.

Termiz shahridagi muhtasham “Sanʼat saroyi” bogʼida mamlakatimiz viloyatlari hamda Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, elektr texnikasi, charm, tekstilь sanoati, qishloq xoʼjaligi va boshqa mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari koʼrgazmasi uchun maxsus joylar hozirlanmoqda. Oʼzbek-afgʼon ishbilarmonlarining ikki tomonlama tematik sessiyalarini tashkil etish, oʼzaro shartnoma tuzib, hamkorlikni yoʼlga qoʼyishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tarmoqlararo sanoat yarmarkasida ishtirok etadigan yirik tarmoq korxonalari hamda vohaning mazkur tarmoqlar uchun mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik va oʼrta biznes subʼektlari uchun ham barcha qulaylik yaratilayotir.

Biznes forum doirasida mehmonlarni viloyatda soʼnggi yillarda ishga tushirilgan qator zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtirish moʼljallanmoqda.