Аholini roʼyxatga olish

Аholini roʼyxatga olish
Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʼyicha batafsil maʼlumot toʼplashning eng samarali usuli aholini roʼyxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik koʼrilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʼzining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan aʼzo davlatlarga har oʼn yilda kamida bir marta aholini roʼyxatga olish amaliyotini oʼtkazishni tavsiya etadi. Xoʼsh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti toʼgʼrisidagi ishonchli maʼlumotlar aynan aholini roʼyxatga olish orqali shakllantiriladi.Masalan, Surxandaryoda necha kishi ishsiz? Surxandaryoda nechta oila uy-joyga muhtoj? Surxandaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Surxandaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxandaryoda shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo.Аholini roʼyxatga olish amaliyoti shu kabi koʼplab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.
—Koʼpchilik insonlar aholini roʼyxatga olish amaliyotini statistik maʼlumotlar toʼplash tadbirlarining bir koʼrinishi, deb tushunadi. Аmmo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining maʼlum bir vaqtdagi fotosuratini koʼrish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi, — dedi Davlat statistika qoʼmitasi Roʼyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʼtkazish boshqarma boshligʼi Qobil Berdiqulov. —Mazkur davlat darajasidagi keng koʼlamli, koʼp vaqt va mablagʼ talab etadigan tadbirni oʼtkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi. Ushbu amaliyot mustaqillik yillarida respublikamizda ilk bor oʼtkazilayotganini inobatga olib, uni tashkil etishga puxta tayyorgarlik koʼrish maqsadida 2020 yil 11 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Oʼzbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.Unga koʼra, mamlakatimizda aholini roʼyxatga olish 2023 yil 1—25 noyabrь kunlariamalga oshiriladi.
Sinov hududlari tanlab olingan
Аholini roʼyxatga olishnioʼtkazishga koʼmaklashish boʼyicha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan, tarkibi bir qator vazirlik va idoralardan iborat Respublika komissiyasi hamda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar ish olib boradi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʼra, jarayonga 150 mingdan ortiq xodimlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Аholini roʼyxatga olish ishlari uchta bosqichdan iborat boʼlib, belgilangan amaliyotga kirishulgunga qadar 2020—2023 yillarni oʼz ichiga oluvchi tayyorgarlik jarayonlari olib boriladi. Qaror bilan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini roʼyxatga olish Dasturiga koʼra, 2021 yilning 1—25 noyabrь kunlari Аndijon viloyatining Xoʼjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlarida sinov tariqasida aholini roʼyxatga olish ishlari amalga oshiriladi.Bundaaholini roʼyxatga olishni tashkil etish jarayonlari, roʼyxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qoʼllanma hamdameʼyoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan oʼtkaziladi.Natijalar asosida aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʼyicha zarur choralar koʼriladi.
—Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala aholi oʼrtasida roʼyxatga olishda faol ishtirok etish boʼyicha targʼibot ishlarini olib borish hisoblanadi, — dedi Qobil Berdiqulov. —Shu maqsadda Davlat statistika qoʼmitasi tomonidan tadbirning shiori va logotipi ishlab chiqilib, aholini roʼyxatga olishning rasmiy veb-sayti (aholi.stat.uz) yaratildi. Bu boradaroʼyxatga oluvchilarni tanlash va oʼqitish masalasi ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Chunki maʼlumotlarning toʼgʼriligi bevosita ularning malaka va amaliy koʼnikmalariga bogʼliq. Shu bois, jarayonga jalb etiladigan xodimlar Davlat statistika qoʼmitasi va uning hududiy boʼlimlari tomonidan reja-jadval asosida maxsus oʼqitiladi. Ular uchun uslubiy qoʼllanma va videodarsliklar ishlab chiqilib, zarur hollarda, qoʼshimcha maslahatlar beriladi.
Аholini roʼyxatga olish jarayonlarini xalqaro talablarga mos
va sifatli oʼtkazishda kartografik materiallarning aniqligi
ham muhim hisoblanadi.Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi huzuridagi Kadastr agentligiga Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholini roʼyxatga olish uchun zarur boʼlgan miqdorda kartografik materiallar (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalari va xaritalari) bilan taʼminlash vazifasi yuklatildi.Аholi punktlari va koʼchalarning nom belgilarini oʼrnatish, xonadon va uylarni toʼliq raqamlash ishlarini yakuniga yetkazish vazifasi qoʼyildi.Milliy gvardiya va ichki ishlar organlariga esa aholini roʼyxatga olish ishlariga jalb etiladigan xodimlar xavfsizligini taʼminlash topshirildi.
Qachon, qanday shaklda oʼtkaziladi?
Tayyorgarlik bosqichi aniq va sifatli yakuniga yetkazilgach, 2023 yilning noyabrь oyida aholini roʼyxatga olish ishlari boshlanadi. Qaror bilan belgilangan Shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish tartibiga koʼra, roʼyxatga olish ishlari ikki xil usulda —qogʼoz shakli hamda internet tarmogʼi orqali amalga oshiriladi.
Birinchi usulda roʼyxatga oluvchi xodimlaruyma-uy yurib, soʼrov oʼtkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning soʼzlari asosida toʼldiradi. Bunda roʼyxatga olish ishlari besh xil shakldagi soʼrovnomalar—turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar roʼyxati, shaxsga oid savolnoma, Oʼzbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma, aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir maʼlumotlarni yigʼish boʼyicha savolnoma hamda vaqtincha turgan joyi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar uchun nazorat varaqasiberish asosida oʼtkaziladi.
Soʼrovnomalarasosiy demografik koʼrsatkichlar, aholining mexanik harakati, migratsiyasi, milliy xususiyatlari, fuqaroligi, taʼlim darajasi, uy xoʼjaligi aʼzolarining iqtisodiy holati, bolalar soniga oid savollardan iborat boʼladi. Yashab turgan xonadonida roʼyxatdan oʼtishni istamagan respondentlar uchun roʼyxatga olish soʼrovnomalarini toʼldirish ularning oʼzlari yashab turgan mahallalarda tashkil etiladigan instruktorlik uchastkalarida amalga oshiriladi.Respondentlar tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi va ularning mazmuni oshkor etilmasligi roʼyxatga oluvchi tomonidan kafolatlanadi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmogʼi orqali roʼyxatdan oʼtish imkoniyati yaratiladi. Bunda soʼrovnomalar aholining oʼzi tomonidan maxsus dastur orqali toʼldirilib, belgilangan elektron manzilga joʼnatiladi.
—Аholini roʼyxatga olishning birlamchi maʼlumotlari hududiy statistika boshqarmalari huzurida tashkil etiladigan markazlarda maxsus dasturiy taʼminot asosida 2024 yil 1 yanvardan 31 dekabrga qadar operatorlar tomonidan elektron bazaga kiritiladi, — dedi Qobil Berdiqulov. —Roʼyxatga oluvchi xodimlar tomonidan tayyorlangan yigʼma roʼyxatlar natijalari asosida shahar va qishloqlar, shu jumladan, erkaklar va ayollar boʼyicha aholi soni toʼgʼrisidagi dastlabki maʼlumotlar esa 2024 yil 1 martga qadar tayyorlanadi.Аholini roʼyxatga olishning elektron maʼlumotlar bazasi 2025 yil 1 dekabrgacha tahlil etiladi va yakuniy maʼlumotlar respublika hamda hududlar boʼyicha shakllantirilib, rasman eʼlon qilinadi.
Mazkur vazifalarning bari tizimli tarzda amalga oshirilgani holda, roʼyxatga olish orqali respublika aholisi va uning farovonligi toʼgʼrisidaishonchli maʼlumotlar toʼplanadi. Ular aholi soni, tarkibi va taqsimlanishi boʼyicha toʼliqbazani shakllantirish bilan birga, Milliy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish,ularda foydalaniladigan demografik oʼzgarishlar tendentsiyalari, mehnat resurslari joylashuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda qoʼl keladi.