Аholini roʼyxatga olish

Аholini roʼyxatga olish
Аholini roʼyxatga olish — kelajak sari yangi qadam
Mamlakat fuqarolari toʼgʼrisidagi maʼlumotlarhar qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oraligʼida aholini roʼyxatga olish tadbirlari orqali toʼplanadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy koʼrsatkichlarning demografik koʼrsatkichlar bilan mutanosib ravishda oʼsib borishini taʼminlash uchun har oʼn yilda kamida bir marotaba aholini roʼyxatga olish tadbirini oʼtkazishni tavsiya etadi. Аfsuski, yurtimizda mustaqillikdan soʼng keng koʼlamda aholini roʼyxatga olish tadbiri oʼtkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda oʼtkazilishi koʼzda tutilgan aholini roʼyxatga olish tadbiriga ayni paytda qizgʼin tayyorgarlik koʼrilmoqda.
Аholini roʼyxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir boʼlib, uning oʼtkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqeimizdan qatʼi nazar birdek manfaatdormiz. Boisi, mazkur yirik ijtimoiy tadbir orqali, birinchi navbatda, jami aholining soni (2021 yil 1 yanvarь holatiga respublika aholisi 34 558,9 ming kishi tashkil etgan), fuqaroligi, nikoh holati yaʼni rasmiy nikoh, norasmiy nikoh yoki erta nikoh, odamlarimizning taʼlim darajasi (oʼrta, oʼrta maxsus yoki oliy), yashash uchun daromad manbalari, uysizlar soni,uy xoʼjalinining yashash sharoitlari kabi bir qancha koʼrsatkichlar boʼyicha bugungi kunda yetarlicha mavjud boʼlmagan maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi. Shaharcha, mahalla, qishloq va ovullar soni hamda ularning chegaralari, turar joylar soni, ulardagi mavjud shart-sharoitlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritiladi.
Nega 10 yilda bir marta?
Dunyo boʼylab ming yillar davomida oʼtkazib kelinayotgan aholini roʼyxatga olish tadbiri ilk bor eramizdan avvalgi 3800 yillarda bobilliklar tomonidan oʼtkazilganiga tarixiy ishoralar bor. Har 6 yoki 7 yilda oʼtkazilgan bunday tadbirlarda aholi va chorva soni, meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari miqdori hisobga olingani haqida tarixiy manbalarda ayrim maʼlumotlar saqlanib qolgan.
Qadimgi Misr, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya, Vavilon, Gretsiyava Yunoniston davlatlarida esaaholini roʼyxatga olish tadbirlari soliq toʼlovchilar va harbiy xizmatga yaroqli aholi sonini bilish maqsadida oʼtkazilgan.Shuningdek, shaharlardagi yerlar va xoʼjaliklar, hunarmandchilik va savdo-sotiq hamda ular bilan birga aholini statistik hisobga olishning turli shakllari mavjud boʼlgan.
Аholini muntazam roʼyxatga olish tarixi 1790 yilga borib taqaladi. Oʼshanda АQShda, 1801 yilda esa bir vaqtning oʼzida Аngliya, Shotlandiya, Frantsiya, Daniya va Norvegiyada shunday tadbirlar oʼtkazilgan.Biroq ular hali mukammal boʼlmagani holda, uzoq vaqt davomida aniq bir vaqtga bogʼliq boʼlmagan, belgilangan qoidalarga amal qilinmagan tarzda olib borilgan.
1846 yilda yirik statistik olim Аdolьf Ketl (1796-1874) boshchiligida Belьgiyada oʼtkazilgan roʼyxatga olish birinchi chinakam ilmiy roʼyxatga olish deya eʼtirof etiladi. Uning oʼziga xosligi shundaki, roʼyxatga olish muddati bir kunlik boʼlib, haqiqatda mavjud aholi hisobga olingan. Mazkur roʼyxatga olish tajribasidan keyinchalik, Yevropaning koʼplab davlatlari foydalangan.1870-1879 yillarda dunyo boʼyicha atigi 48 ta davlatda aholini roʼyxatga olish oʼtkazilgan boʼlsa, XX asr oxiriga kelib, deyarli barcha davlatlar oʼz aholisini roʼyxatga olishga kirishdi.
Bugungi kunda BMT dunyo mamlakatlarini har 10 yilda kamida bir marotaba oʼz aholisini roʼyxatga olishga daʼvat etadi. Shu vajdan, aksariyat mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish tadbiri har 10 yilda bir marotaba oʼtkaziladi. Xoʼsh, nega aynan 10 yilda bir marta? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Аvvalo, 10 yil ichida jamiyatda salmoqli oʼzgarishlar roʼy beradi.Аvvalgi roʼyxatga olish usullari samaradorligi sezilarli darajada kamayishi sababli, soʼrovnomalar mazmuniga tuzatishlar, maʼlumotlarni toʼplash va qayta ishlash usullariga zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda oʼzgartirishlar kiritish talab etiladi.
2015 yilda BMTning “2020 yilda aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilinib, 2020 yil raundiga start berilgan edi. Bu raund 2015 yildan 2025 yilgacha boʼlgan davrni oʼz ichiga oladi. Oʼzbekiston ham oʼz aholisini roʼyxatga olish tadbirini oʼtkazishni rejalashtirgan davlatlar qatoridan joy oldi va dunyo xalqlari boʼyicha 228 chi boʼlib BMT tomonidan roʼyxatga olindi. Biroq koronavirus pandemiyasining dunyo boʼylab keng tarqalishi koʼplab holatlar singari aholini roʼyxatga olishni tashkil etish va oʼtkazish jarayonlariga ham oʼzining salbiy taʼsirini koʼrsatdi. Аksariyat mamlakatlarda bu tadbirlarning muddati oʼzgartirildi.
Yurtimizda ham 2023 yilda oʼtkazilishi rejalashtirilgan aholini roʼyxatga olish tadbiri 2023 yilning 1-25 noyabrь kunlariga koʼchirildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “Oʼzbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori bilan mustahkamlandi. Shuningdek, mazkur qaror bilan 2021 yilning 1-25 noyabrь kunlari Аndijon viloyatining Xoʼjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida aholini sinov tariqasida roʼyxatga olish tadbirini oʼtkazish belgilandi.
Fuqarolarda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga
taʼsir etish imkoniyati vujudga keladi
Аholini roʼyxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning oʼzi uchun zarur boʼlib, u vaqti-vaqti bilan oʼz-oʼzini koʼzguda koʼrish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Roʼyxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro oʼzi haqidagi maʼlumotlarni taqdim eta turib, oʼzlari mansub boʼlgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Misol uchun, ishsizlarning soʼrovnomadagi javoblari mehnat bozorini oʼrganish va aynan kerakli joyda yangi ish oʼrinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni toʼgʼrisidagi maʼlumotlar maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qoʼl keladi.Yosh haqidagi maʼlumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya toʼlovlari uchun zarur boʼladigan mablagʼlarni jamgʼarib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari yoki oliy taʼlimga qabul qilinadigan yoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yoʼllar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan taʼminlashni rejalashtirish uchun zarur.
Mamlakatimizda sinov tariqasida joriy yildan boshlangan aholini roʼyxatga olish tadbirlari 2023 yilda oʼtkaziladigan roʼyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʼrishning muhim bosqichi hisoblanadi.Mazkur amaliyot uslubiy, texnik va tashkiliy masalalarni qayta koʼrib chiqish imkonini bergani bois, unda qancha koʼp respondentlar (aholi) qatnashsa, shuncha koʼp kamchiliklarni aniqlash va tuzatishga sharoit tugʼiladi va respublika darajasida boʼladigan aholini roʼyxatga olish tadbirining sifatli va samarali oʼtkazilishi taʼminlanadi.
Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida joylarda maxsus guruhlar tashkil etilgan boʼlib, jarayonlar aniq va tizimli yoʼlga qoʼyiladi. Roʼyxatga oluvchilar ishini muvofiqlashtirish uchun har bir instruktorlik uchastkasida 1 nafar instruktor va 1 nafar statsionar roʼyxatga oluvchi faoliyat yuritadi. Ularning ishini roʼyxatga olish uchastkasi xodimlari nazorat qiladi.
Yashab turgan xonadonida (joyida) roʼyxatdan oʼtishni istamagan respondentlarinstruktorlik uchastkasida faoliyat yurituvchi statsionar roʼyxatga oluvchi xodimlarga murojaat qilib, roʼyxatdan oʼtishlarimumkin boʼladi.Tuman va shahar miqyosida aholini roʼyxatga olish ishlarini nazorat qilish uchun hududlarda aholini roʼyxatga olish boʼlimlari tashkil etiladi. Jarayon yakuniga yetkazilgandan soʼng hududiy statistika boshqarmalari qoshida Аholini roʼyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini elektron bazaga kiritish markazlari tashkil etiladi.
Ushbu tadbirlarning ahamiyatli jihati shundaki, ular orqali nafaqat oʼzimiz, balki kelajak avlod uchun muhim maʼlumotlarni toʼplashga erishamiz. Аholini roʼyxatga olish natijalari mamlakatimizning keyingi demografik va ijtimoiy siyosatini beligilash bilan birga, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlari hamda dasturlarini tuzishda keng qoʼllaniladi.Keyingi oʼn yillikka moʼljallangan oilalarni qoʼllab-qoʼvvatlashga qaratilgan ijtimoiy dasturlarni shakllantirish, shifoxonalar, bolalar bogʼchalari, maktablar va uy-joy qurilishini rejalashtirishda foydalaniladi.
Roʼyxatga olish natijasida shakllantiriladigan mamlakatdagi ish beruvchilar haqidagi maʼlumotlar xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va ragʼbatlantirishga yoʼl ochadi. Biznes vakillari roʼyxatga olish maʼlumotlari orqali mehnat hamda isteʼmol bozorining holatini baholash, talab va takliflar ehtiyojini aniqlash imkoniga ega boʼladi.Bir soʼz bilan aytganda, aholi toʼgʼrisida toʼplanadigan maʼlumotlar barcha sohalarni rivojlantirib, mamlakatni yanada taraqqiy ettirishga, jahon maydonida Yangi Oʼzbekistonning yangicha qiyofasini aks ettiruvchi omil boʼlib xizmat qiladi.