Surxondaryoda jurnalistlar koʼchat ekdi

Surxondaryoda jurnalistlar koʼchat ekdi
Surxondaryo viloyatida “dolzarb 40 kunlik” doirasida koʼchat ekib, yashil makonlar bunyod etish ishlari qizgʼin davom etmoqda.
Viloyatda amalga oshirilayotgan bu ezgu ishni yoritayotgan bir guruh jurnalistlar, Oʼzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʼlimi mutasaddilari, soha faxriylari “Surxon tongi” va “Zarya surxana” gazetalari birlashgan tahririyatining yangi binosida boʼlib, tahririyat xodimlari bilan bino atrofi va hovlisiga mevali hamda manzarali daraxt koʼchatlarini oʼtqazdi.
Vohaning yetakchi nashri – “Surxon tongi” va “Zarya surxana” gazetalari birlashgan tahririyati Termiz shahri markazida zamonaviy yangi bino va bosmaxona bunyod etib, joriy yildan ikki qavatli binoda faoliyat yuritmoqda.
Binoning birinchi qavatida xorij uskunalari bilan jihozlangan bosmaxona, maʼnaviyat va maʼrifat, tibbiyot xonalari, oshxona, turli sport jihozlariga ega zal va boshqa qoʼshimcha xonalar barpo etilgan. Ikkinchi qavatda “Surxon tongi” va “Zarya surxana” gazetalari joylashgan.
Аyni paytda “Surxon tongi” gazetasi 14 ming 583 nusxada, “Zarya surxana” gazetasi 2 ming 557 nusxada tahririyatning oʼz bosmaxonasida chop etilayotir. Muʼjazgina issiqxona esa qishin-yozin xodimlarni turli sabzavotlar bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda.
– Loyiha boʼyicha sport zal oʼrnida dam olish xonasi, issiqxona oʼrnida esa xodimlar oʼzaro suhbat quradigan joy boʼlishi belgilangan ekan, – deydi bosh muharrir S.Norqobilov. – Qiymati bir xil boʼlgani uchun loyihaga oʼzgartish kiritib, dam olish xonasiga turli sport anjomlari oʼrnatdik. Hovlida esa ikki sotixcha yerga issiqxona qurdik. 20 tup limon, qator oralariga xar xil koʼkat, bodring, pomidor, tarvuz ekdik. Boʼsh vaqtlarimizda oʼzimiz parvarishladik. Limon shu yilning oʼzida hosil nishonalarini koʼrsatdi. Ziroatlarimiz ham yaxshi hosil berdi. Shu kunlarda issiqxonani qishki sabzavotlar ekishga tayyorlayapmiz. Sport zal hamisha ochiq. Boʼsh vaqtida istagan xodim bir muddat jismonan chiniqishi mumkin. Bugun bino atrofi va hovlisiga hamkasblarimiz bilan birgalikda qadayotgan rang-barang noyob daraxt koʼchatlarimiz ham yaqin yillarda bu yerni yam-yashil makonga aylantirib, oʼzgacha koʼrk beradi.
Hududni yashillika burkagan jurnalistlar va faxriylar Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining ekologik muvozanatni saqlashdagi ahamiyati, mamlakatimizda ijodkorlarga qaratilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan sharoitlar haqida suhbatlashdi. Keksa avlod vakillari oʼtmishdagi xotiralarini soʼzlab berdi. Jurnalistlar daraxt va buta ekish boʼyicha “dolzarb 40 kunlik” doirasida vohada amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritish barobarida boʼsh vaqtlarida oʼzlari ham koʼchat ekib, bogʼ yaratishda faol qatnashishga kelishib oldi.