Surxondaryoda Prezident maktabi ochildi

Surxondaryoda Prezident maktabi ochildi

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator Orziqul Soatovlar so‘nggi yillarda mamlakatimiz ta’lim tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar chuqur bilimga ega, har taraflama barkamol yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Xorijnikidan qolishmaydigan barcha zamonaviy sharoitlarga ega Prezident maktablari ham eng iqtidorli va bilimga chanqoq o‘g‘il-qizlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochgani qayd etildi.
Termiz shahrining qoq markazida qad rostlagan muhtasham ta’lim muassasasi 168 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda o‘quvchilarning fan sirlarini mukammal egallashi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Sinfxonalar eng so‘nggi rusmdagi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Yuqori tezlikka ega internet tarmog‘iga ulangan.
Salobatli ta’lim muassasasida qurilgan sport va boshqa tadbirlar o‘tkaziladigan zallar, oshxona, yotoqxona kabi qo‘shimcha xonalar ham yuksak did bilan jihozlangan.
Viloyatda bunyod etilgan yangi ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun joriy yilda o‘tkazilgan ilk test sinovlariga 9 ming 676 nafar iqtidorli o‘quvchi hujjat topshirdi. Yoki bir o‘ringa o‘rtacha 67,7 nafardan talabgor to‘g‘ri keldi. Ularning eng yuqori ball to‘plagan 144 nafari maktabning 5-,6-,7-,8-,9-,10 sinflariga o‘qishga qabul qilindi.
–Ikkinchi o‘g‘lim Dilshodjon Ergashev axborot texnologiyalariga juda qiziqadi, – deydi termiz shahrilik Tursoat Ibragimov.– Shuningdek, boshqa fanlar bilan birga ingliz tilini ham chuqur o‘rganmoqda. Boshqa yoshlar qatori u ham Prezident maktabida o‘qish istagini bildirib, hujjat topshirgan edi. Barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, shu maktabning ilk o‘quvchilari safidan o‘rin oldi. Gapning ochig‘i, yangi ta’lim muassasasida farzandlarimiz uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib boshimiz osmonga yetgudek bo‘ldi. Farzandlarimiz baxtu-iqboli va mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Darslar ingliz tilida o‘tiladigan mazkur maktabda o‘quvchilarga eng tajribali 12 nafar xorijlik va 20 nafar mahalliy pedagog saboq beradi.
Tantanali marosim yakunida ishtirokchilar Prezident maktabida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi