Tadbirkorlar faoliyatiga oid!

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish alohida e’tiborda. Buning boisi, iqtisodiyotimizni izchil va barqaror rivojlantirish, aholining turmush darajasini yuksaltirishda tadbirkorlikning o‘rni kattadir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘liq erkinlik berish, bu boradagi barcha to‘siqlar va cheklashlarni bartaraf etish borasida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, raqamli texnologiyalar orqali tadbirkorlik subyektlarining muammolari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish maqsadida 2022 yil 27 iyul kuni PF-178-sonli farmoni qabul qilindi.

Unga muvofiq, “business.gov.uz” yagona interaktiv portalini “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga aylantirildi.

Uning quyidagi imkoniyatilari mavjud: tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish; davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tematik onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish; qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik subyektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish; tadbirkorlik subyektlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish.

Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qiladi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda har yili 1 fevralga qadar tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida:

tadbirkorlik subyektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi va tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holati yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy hokimliklar faoliyatida o‘rganishlar o‘tkazadi;

hududlarda sayyor qabullar o‘tkazadi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘tarilgan masalalarni joyida hal qilish choralarini ko‘radi;

vakolatli organlar uchun hududlarga chiqqan holda, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari bilan ishlash hamda tekshiruvlar o‘tkazish tartibi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etadi.

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash, ma’muriy organlarning qarorlari ustidan ma’muriy sudlarga shikoyat qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 15 mart kungi O‘RQ-823-sonli qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga ma’muriy organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish muddatini 3 oydan 6 oygacha ko‘paytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritildi.

Xulosa qilib aytganda, tadbirkorlik subyektlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, tadbirkorlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini  yanada mustahkamlash, ishbilarmonlarning haq-huquqlari hamda samarali faoliyatini ta’minlash va pirovardida aholi farovonligining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi raisi D.Jumayev