SEMINAR BO‘LIB O‘TDI

Avval xabar berganimizdek, Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-17-noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida “Maʼnaviyat sektori”ni tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Bugun Termiz shahar 2-sektorga qarashli “Shodlik” mahallasidagi 3-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida va 8-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida “Maʼnaviyat sektori” faoliyatini tashkil etish boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi.

Unda Termiz shahar hokimining oʻrinbosari K.Ashurov, Termiz davlat universiteti prorektori O.Shofiyev, Termiz shahar prokuraturasi masʼullari, shahar “Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi” aʼzolari, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari direktorlari va ularning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, xalq taʼlimi tizimi xodimlari va sektorlar masʼullari, mahalla faollari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Seminarda “Maʼnaviyat sektori” xonasini jihozlash va ijro hujjatlarini yuritish tartiblari, sektor aʼzolarining asosiy vazifalari va ularni amalga oshirishning samarali usullari, sektor faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan ishlar va rejalar toʻgʻrisida batafsil tushuntirishlar berilib, ishtirokchilar tomonidan oʻzaro tajriba va fikr-mulohazalar almashishdi.

Amaliy seminar yakunida barcha taʼlim muassasalarida “Maʼnaviyat sektori” faoliyatini namunali tarzda tashkil etish rejalashtirilib, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.