Prezident topshirigʻi ijrosi

Prezidentimiz huzurida joriy yil 26 sentyabr kuni oʻtkazilgan mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida mahallada “yettilik” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi maʼlum qilingan edi. Davlatimiz rahbari joriy yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryoga tashrifida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha sektor rahbarlarining axborotini tinglab, “yettilik” faoliyatini namunali tashkil etish boʻyicha qator vazifalarni belgilab berdi.

Bugun viloyatimizning 6 ta hududida mahalla “yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, ularning vazifa va majburiyatlarni tushuntirish, ishlarni namunali yoʻlga qoʻyish hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan seminarlar tashkil etilmoqda.

Dastlabki seminar Termiz shahrida mahalla raislari uchun oʻtkazildi. Seminar ishtirokchilari “Oʻzbekiston” mahallasida namunali tashkil etilgan mahalla “yettiligi”, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati va “Vatanparvarlar” bogʻi bilan tanishishdi.

Shundan soʻng, Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi”da viloyat hokimi Ulugʻbek Qosimov rahbarligida mahalla “yettiligi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishda mahalla raislarining oʻrni va vazifalari muhokama qilindi. Ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan soha mutasaddilari tomonidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, viloyatda mahallalar obodligini taʼminlash boʻyicha “dolzarb 10 kunlik” eʼlon qilindi. Unda barcha mahallalar, koʻchalar va xonadonlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish topshirildi hamda tadbirlarni uyushqoqlik bilan sifatli tashkil etish boʻyicha mahalla raislariga vazifalar yuklandi.

Maʼlumot uchun, hozirgi kunda Surxondaryo viloyatida 724 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari mavjud.