YANGI YILDA YANGI BINODA ISH BOSHLASHADI

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati kengashi jamoasi Yangi yilda ko‘p qavatli zamonaviy binoda ish boshlaydigan bo‘ldi.

 

Barcha sharoitlarga ega yangi binoni foydalanishga topshirish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

 

Tantanali marosimda so‘nggi paytda mamlakatimizda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va roli kuchaytirilib, xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirilgani, jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzi yanada oshirilgani alohida takilandi. Shuningdek, yuksak manaviyatli, jismonan sog‘lom yosh avlodni tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, aholining ehtiyojmand qatlamlari hamda keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamlangani qayd etildi.

 

Prezidentimizning 2017 yil 3 fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

 

Ayni paytda fuqarolar yig‘inlari ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlariga taalluqli bo‘lgan 30 dan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalarni izchil amalga oshirmoqda. Shunga muvofiq o‘zini o‘zi boshqarish organlarini barcha sharoitlarga ega xizmat binolari bilan ta’minlash, mavjudlarini ta’mirlab, rekonstruksiya qilish va zamonaviy usulda jihozlashga etibor kuchaytirilmoqda.

 

Jumladan, so‘nggi yillarda har bir tumanda bittadan 13 ta “Mahalla markazi“ barpo etilib, ishga tushirildi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 719 mahalla fuqarolar yig‘inlarining 18 tasi uchun yangi xizmat binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. 65 tasi tamirlanib, 5 tasi tubdan rekonstruksiya qilindi. 600 yaqin fuqarolar yig‘inlari o‘zining xizmat binosiga ega bo‘lib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.

 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyat kengashi uchun barcha zamonaviy qulayliklarga ega yangi binoni qurishga 4 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yangi yilning dastlabki ish kunlaridan bu yerda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyat va Termiz shahar kengashlari hamda viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi faoliyat yuritadi. Buning uchun to‘rt qavatli muhtasham binoda keng, yorug‘ xonalar, o‘quv,majlislar zallari did bilan jihozlangan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taminlangan.

 

Tantanali tadbirda viloyat hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.