"Uch avlod uchrashuvi"

Ushbu tadbirda Termiz shahridagi barcha mahalalardan "Keksalar maslahati" guruhi rahbarlari, “O‘zbekiston qahramoni” unvoni sohibi, turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan nuroniylar, oliy taʼlim muassasalari professorlari, maktab o‘qituvchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, faol hamda probatsiya va profilaktik hisobda turuvchi yoshlar ishtirok etishdi.

Turli millat vakillarini mushtarak maqsad yo‘lida bir davraga jam qilgan tadbir doirasida "Nuroniy jamg'armasi" respublika boshqaruvi bo'lim boshlig'i M.Umarov, "Nuroniy jamg'armasi" respublika bosh mas'ul xodimi U.Rahmatov, 95 yoshni qarshilagan Sharofiddin ota, o'rta yosh vakillari, yutuqlarga erishib kelayotgan shijoatli yoshlar nutq so'zladilar. 3 avlod vakillari dildan suhbat qurishdi. Samimiy muloqotlarda nuroniylar va o‘rta avlod vakillari tomonidan mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifaga aylangani taʼkidlandi.

El suygan sanʼatkorlarning ona Vatan, do‘stlik, ezgulik, hamjihatlik, mehr-muhabbat va tinch-totuv hayot tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlari barchaga yuqori kayfiyat ulashdi. Tadbir yakunida nuroniylar mamlakat tinchligi va ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini tilab, duoga qo‘l ochishdi.