Surxondaryodagi umumtaʼlim maktablarini yangi oʻquv yiliga tayyorlash boʻyicha seminar bo'lib o'tdi

Seminarda maktablarni yangi oʻquv yiliga puxta tayyorlash, jamiyatda oʻqituvchi obroʻ-eʼtiborini oshirish, ularni vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilmaslik, taʼlim sifatini yaxshilash borasidagi masalalar muhokama qilindi. Viloyat rahbari oʻqituvchilarni oʻz vazifasidan tashqari ishlarga jalb qilgan har qaysi darajadagi rahbarga nisbatan keskin choralar koʻrilishini taʼkidladi.

Taʼlim muassasalari sharoitlarini yaxshilash, yangi oʻquv yiliga tayyorlash maqsadida viloyat mahalliy byudjetidan 11 mlrd 195 mln soʻm mablagʻ ajratilib, maktablarning ichki va tashqi yoritish chiroqlarini yangilash, oʻquv binolarining pol, ichki va fasad qismlarini taʼmirlash uchun zarur boʻlgan materiallar xarid qilindi. Xarid qilingan ushbu materiallar seminar yakunida barcha hududlarda taʼmirlanishi rejalashtirilgan maktablar direktorlariga topshirildi va mutasaddilarga taʼmirlash ishlarini qisqa fursatlarda yakunlash topshirigʻi berildi. Jumladan Termiz shahar maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi tasarufidagi maktablarni ham yangi o'quv yiliga ta'mirlash maqsadida zarur bo'lgan qurilish materiallari topshirildi.

Termiz shahar hokimligi Axborot xizmati