Sayyor sud majlisida Probasiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan hamda o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilgan 8 nafar mahkum  jazo o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.


Sayyor sud majlisida Probasiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan hamda o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilgan 8 nafar mahkum  jazo o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

Sud-huquq sohasida konstitusiyaviy talablar asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tufayli aholining huquq va manfaatlari to‘la ta’minlanmoqda.

 

Zero, ushbu islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir insonni rozi qilish, ularning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarish, pirovardida insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik jamiyatni barpo etishdan iboratdir.

2023 yil 20 iyun kuni Muzrabot tumani “Yurtim jamoli” mahalla fuqarolari yig‘ini binosida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi raisi I.Shaymanovning raisligida Muzrabot tuman IIB Probasiya guruhida jazo o‘tab turgan olti nafar mahkumlarni axloq tuzatish ishlari jazosidan, bir nafar mahkum ozodlikni cheklash jazosidan, bir nafar mahkumlar muayyan huquqdan mahrum qilish jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqildi.

 

Sud, ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, Muzrabot tuman Ichki ishlar bo‘limi Probasiya guruhi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda bo‘lib, o‘rnatilgan tartib qoidalariga rioya qilgan, o‘zining hulqini ijobiy tomonga o‘zgartirgan, jazoni o‘tash davrida intizomiy jazoga tortilmagan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab yetib, tuzalish yo‘liga o‘tgan, sudlar tomonidan o‘rnatilgan taqiq va cheklovlarga to‘liq rioya qilgan, bundan o‘zlariga tegishli xulosa chiqargan jami sakkiz nafar mahkumlarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan jazo muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.

 

Sayyor sud majlisida ishni ko‘rgan sudya tomonidan mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, jazoni o‘tash davrida o‘rnatilgan tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilishlari lozimligi, jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan intizomiy chora oqibatlari, shuningdek jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlanish oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.

 

Sud-huquq tizimida amalga oshiriladigan barcha ishlar zamirida qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishish kabi ezgu g‘oyalar yotadi. Aynan inson va adolatli sud o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda qonuniylikni va adolatni ta’minlaydigan harakatlar zamirida xalqimizning osoyishta hamda rozi bo‘lib yashash huquqi turibdi.

 

Bu bilan sud, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab yetgan va axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga imkon berilganligi halqimizning kechirimlilik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ruyobga chiqarilishi bilan bir qatorda jazodan ozod etilgan shaxslarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishda, oila a’zolari, farzandlari, shuningdek jazodan ozod qilingan shaxslarning oilalarda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash bilan birga, el-yurt taraqiyoti uchun munosib xissa qo‘shishlariga yana bir imkon yaratdi.

 

Jamiyatimizda shaxsni tarbiyalash orqali sog‘lom muhit yaratish vazifasi, nafaqat sudlarning, balki keng jamoatchilik, qolaversa, har bir fuqaroning burchi ekanini unutmaslik lozim.

 

Ikrom  Shaymanov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining raisi