Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari: Surxondaryoda bolalar bayrami keng nishonlanmoqda

Yangi O‘zbekistonning baxtli bolalari: Surxondaryoda bolalar bayrami keng nishonlanmoqda

Bugun, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Denov tumanida viloyatning asosiy bayram shodiyonalari bo‘lib o‘tmoqda. Har bir shahar va tumanlar uchun ajratilgan povilonlarda turli ko‘rgazmalar, quvnoq o‘yinlar, teatrlashtirilgan konsert-tomoshalar va boshqa qator ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bayram tadbirida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, viloyatimizda istiqomat qilayotgan 1 milliondan ortiq bolalarni bayram bilan tabrikladi. Shuningdek, tadbirda Denov tumanida yangi qiyofa kasb etayotgan Sharof Rashidov ko‘chasining tantanali ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ushbu ko‘chada 13 kilometrlik yo‘lni yangidan qurish uchun jami 207 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari 8,1 mlrd so‘m mablag‘ evaziga 10 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 6 km hamda 22,1 mlrd so‘m evaziga 10 km oqava suv quvurlari yotqizildi. Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov ko‘chasining o‘zida 33 ta yangi ko‘p qavatli uy-joy qurilmoqda. Bu esa qariyb 1,5 mingta oila o‘z xonadoniga ega bo‘lishini kafolatlaydi.

Yangidan foydanishga topshirilgan Sharof Rashidov ko‘chasi, “Afrosiyob” hamda “Eko” madaniyat va istirohat bog‘larida bayram tadbirlar ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.