JINOYATCHILIK MUHOKAMASI O‘TKAZILDI

JINOYATCHILIK MUHOKAMASI O‘TKAZILDI

Joriy yilning 29 yanvar kuni Termiz shahar "Bog‘ishamol" mahallasida voyaga yetmagan shaxs tomonidan bezorilik jinoyati sodir etilgan edi. Hozirda ushbu holat yuzasidan Termiz shahar IIB mas’ullari tergov xarakatlarini davom ettirishmoqda.

Bugun 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida, ushbu maktab o‘quvchisi bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilgan jinoyatning muhokamasi o‘tkazildi. Unda Termiz shahar hokimi O‘.To‘rayev, shahar prokurori X.Mamatqulov, shahar IIB boshlig‘i E.Nurullayev, shahar DSI boshlig‘i S.Muxamadiyev hamda jinoyat sodir etgan va guvoh bo‘lgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari, mahalla faollari, xalq ta’limi bo‘limi mudiri, maktab o‘qituvchilari, psixolog va profilaktika inspektorlari ishtirok etishdi.

Dastlab shahar rahbari o‘z so‘zida jinoyatning sodir etilishi sabablari, unga yo‘l ochib bergan omillar, mas’ullar va yaqin qarindoshlarning harakat (harakatsizligi) tahlil qilinib, bolalar tarbiyasida ota-onaning roli muhimligini ta’kidladi.

Muhokama davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida ota-ona, maktab va mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori va boshqa hamkor idoralar mas’ullari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

"Jinoyat sodir etgan voyaga yetmagan shaxs, jamiyatga hozirdan shunday qadam qo‘ysa, kelajakda qanday o‘z o‘rnini topadi. Bunga ota-onalar, maktab, mahalla va barcha mutasaddilar birdek mas’ulmiz. Shunday ekan oilada, maktabda tom ma’noda temir intizom bo‘lishi kerak", - dedi shahar hokimi.

Yakunda bu kabi jinoyatlarning kelgusida qayta sodir etilishini oldini olish maqsadida ota-onalar, fuqarolar yig‘ini xodimlari, profilaktika inspektori, maktab rahbarlari hamda mas’ullarga o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan shahar sektorlar rahbarlari tomonidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.