Termiz shahrida serjant R.Narziev sharafiga byust oʼrnatildi

Termiz shahrida serjant R.Narziev sharafiga byust oʼrnatildi
Bugun, Termiz shahridagi 7-umumta'lim maktabida xizmat burchini ado etish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan Ruslan Narziev sharafiga byust o‘rnatildi.
Qahramon tahsil olgan maktabda tashkil etilgan tadbirda shahar hokimining o‘rinbosari K.Аshurov, shahar xalq taʼlimi bo‘limi mudiri, marhumning oila aʼzolari va safdoshlari, faxriy xarbiylar, maktab o‘qituvchilari hamda o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Marosim ochilishida qahramonning yoshligi, o‘smirligi, uning orzu va intilishlari, ko‘rsatgan jasorati bilan bogʼliq xotiralar yodga olindi.
Ruslan Narziev 1976 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. 1984-1992-yillarda 7-umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘qib, ushbu maktabni aʼlo baxolarga tamomlagan.
1994-1995-yillarda Termiz avtomobil maktabida oʼqidi. Yengil atletika sport turining yugurish va uzunlikka sakrash bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
2000 yil 28 avgustda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi chegaraoldi hududlariga suqilib kirmoqchi bo‘lgan jangari toʼdalarini qidirish va ularni yo‘q qilish ishlarini olib borayotgan vaqtida sarhadlarimiz himoyasi va yurt tinchligi yo‘lida ko‘ksini qalqon qilib, qahramonlarcha halok boʼladi.
Byust ochilishiga bagʼishlab o'tkazilgan tadbirda shahar hokimining oʼrinbosari K.Аshurov soʼzga chiqib, R.Narzievning byusti ushbu maktabda tahsil oluvchi navqiron avlod vakillari uchun Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʼlidagi qahramonlik, mardlik va jasurlik namunasi boʼlib xizmat qilishini taʼkidladi.