NAVBATDAGI “UCH AVLOD UCHRASHUVI” BO‘LIB O‘TDI.

NAVBATDAGI “UCH AVLOD UCHRASHUVI” BO‘LIB O‘TDI.

 

Bugun Termiz shahridagi 26-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Unda, “O‘zbekiston qahramoni” unvoni sohibi, davlat va jamoat arboblari, turli sohalarda fidokorona mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla fuqarolari faol yoshlar hamda probatsiya va profilaktik hisobda turuvchi yoshlar ishtirok etishdi.

 

Turli millat vakillarini mushtarak maqsad yo‘lida bir davraga jam qilgan tadbir doirasida ishtirokchilar dildan suhbat qurishdi. Samimiy muloqotlarda nuroniylar va o‘rta avlod vakillari tomonidan mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifaga aylangani taʼkidlandi.

 

Tadbirda konstitutsiyaviy islohotlar va referendum o‘tkazilishi bilan bog‘liq bir qator fikr-mulohazalar ham bildirildi. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar barchani yurt ravnaqi yo‘lida birdamlikka chorladi.

 

Xushovoz sanʼatkorlarning Ona Vatan, hamjihatlik, mehr-muhabbat va tinch-totuv hayot tarannum etilgan kuy-qo‘shiqlari barchaga yuqori kayfiyat ulashdi. Tadbir yakunida nuroniylar mamlakat tinchligi va ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini tilab, duoga qo‘l ochishdi.