Termiz shahar hokimi To‘rayev O‘ktam Ismailovichning joriy yil aprel oyi davomida shahrimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini o‘tkazish bo‘yicha shahar fuqarolari va jamoatchilikka murojaati

Termiz shahar hokimi To‘rayev O‘ktam Ismailovichning joriy yil aprel oyi davomida shahrimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligini o‘tkazish bo‘yicha shahar fuqarolari va jamoatchilikka murojaati

 

Qadrli hamshaharlar, aziz Termizliklar!

 

Tozalik, avvalo, inson ko‘nglidagi obodlikdan boshlanadi. Dildagi obodlik esa amaliy harakatga ko‘chganda uning qadri yana-da oshadi. Inson bo‘lib, birinchi galda turish-turmushimizni, yon-atrofimizni fayzli va toza-ozoda maskanga aylantirish insoniylik burchimizdir.

 

Bugun respublikamizda bo‘layotgan yangilanish va o‘zgarishlar kabi tarixdan “Mardlar shahri” deya taʼrif berilgan Termiz shahri ham tubdan yangicha qiyofa kasb etib bormoqda.

 

Kundan kun chiroy ochib borayotgan shahrimizga albatta tozalik, obodlik yarashadi. Jonajon shahrimizni har jihatdan toza, ozoda va ko‘rkam hududga aylantirishda barcha fuqarolarimiz bilan birgalikda nuroniy otaxonu onaxonlar, tashabbuskor va faol yoshlar bir yoqadan bosh chiqarib, munosib hissa qo‘shmog‘imiz muhimdir.

 

Qadrli shahrimiz fuqarolari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar!

 

Har birimiz o‘z uyimiz, mahallamiz tozaligi va obodligi uchun joriy yilning aprel oyi davomida fidoyilik, vatanparvarlik va shijoat bilan harakat qilishimiz kerak. Bu borada shahrimizda faoliyat olib borayotgan barcha ishbilarmonlar va tadbirkorlardan yana-da jonbozlikni kutib qolaman.

 

Ana shunday ezgu niyat bilan shahrimizdagi barcha tashkilot, muassasa va idoralarning rahbar va xodimlarini o‘z hududlarini obod maskanga aylantirish, gullar va daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib, tozalik va obodonlashtirish ishlarida faol bo‘lishga chaqiraman.

 

Aziz hamshaharlar!

 

G‘ururi baland, mard va tanti, mehnatkash xalqimizga muborak Ramazon oyida bahorning har bir kunidan oqilona foydalanib, shahrimizni yana-da obod maskanga aylantirishda kuch-quvvat, omad tilayman!

 

Shahrimiz yana-da obod, hayotimiz farovon bo‘lsin!