Yangilanish va yasharish ayyomiga tuhfa – Navro‘z bayramida viloyatning qator tumanlarida taʼmirlangan turar-joylar foydalanishga topshirildi

Yangilanish va yasharish ayyomiga tuhfa – Navro‘z bayramida viloyatning qator tumanlarida taʼmirlangan turar-joylar foydalanishga topshirildi

 

Surxondaryo viloyatida 1 ming 589 ta ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ularga 32 ta boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Ushbu turar-joylarda jami 37 ming 890 ta xonadon mavjud. Viloyat hokimining hududlarga tashrifi davomida belgilab berilgan dasturga asosan 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar-joylarning 377 tasi mukammal taʼmirdan chiqarildi.

 

Qolgan barcha turar-joylarda joriy tamirlash, 400 dan ortig‘ida fasad qismini bo‘yash, zamonaviy ko‘rinishga keltirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘p qavatli uylar oldiga 5 ming metr kvadrat beton yo‘lakchalar va avtoturargohlar barpo etildi, 17 ta bolalar maydonchalari, 8 ta tandirxona va 7 ta umumiy foydalanishdagi hojatxonalar qurilib, aholi foydalanishi uchun topshirildi.

 

Bundan tashqari ko‘p qavatli uylar oldida 200 dona tungi yoritgichlar o‘rnatildi, 560 ta framugalar, 120 ta temir eshiklar yangidan qo‘yildi. Uylar atrofidagi 100 dan ortiq noqonuniy qurilmalar buzib olinib, atroflari obodonlashtirildi. Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda 80 mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, gullar ekildi.

 

Bugun viloyat hokimi Termiz shahri, Angor, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlarida bo‘lib, taʼmirlangan, zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan ko‘p qavatli uy-joylarning foydalanishga topshirish tadbirlarida ishtirok etdi. Har bir hududda tashkil etilgan tadbirlarda bayram dasturxonlari tashkil etilib, osh tarqatildi. Nuroniy otaxon va onaxonlar yurt tinchligi, obodligi va xotirjamlikni so‘rab duolar qilishdi.

 

Shuningdek, tashkil etilgan tadbirlar davomida taʼmirlash ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilar, hashar ishlarida faol qatnashgan fuqarolarga sovg‘alar topshirilib, ularga minnatdorchilik bildirildi. Ushbu tadbirlarda ham 22 mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” munosabati bilan ilg‘or, tajribali, mahallalarda ishlarni samarali tashkil etgan mahalla xodimlariga viloyat hokimligining sovg‘alari topshirildi.