Jazo tayinlashning umumiy asoslari

Jazo tayinlashning umumiy asoslari

Jinoyat qonunida qanday ijtimoiy xavfli, huquqqa xilof va aybli qilmishlarning jinoyat ekanligini aniqlanib, ularning yana bir asosiy belgi sifatida jazoga sazovorligi ko‘rsatilgan. Jinoyat qonunida jinoyat uchun jazo belgilanmaganida, qonun jamiyat, davlat va uning fuqarolari uchun zararli bo‘lgan xatti-harakatlarning oddiy sanog‘idan iborat bo‘lib qolardi, xolos.

Jazoning ijtimoiy-siyosiy mohiyati davlatning jinoyatchilikka qarshi kurash siyosatiga, mazkur siyosat esa jamiyatdagi huquqiy mafkura, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, axloqiy va boshqa nufuzli qarashlarga va tasavvurlarga bog‘liqdir.

Jinoiy javobgarlikni amalga oshirishning keng tarqalgan shakli sifatida jazoni qonunda belgilanganidek tahlil etish jazoning alomatlari va mohiyatini nazariy tushunish maqsadga muvofiqlik doirasida vujudga keladi, deb xulosa qilish imkonini beradi. Turli huquqiy tizimlarda jazoning nima ekanligi to‘g‘risidagi masalaga ikki nuqtai-nazardan yondashiladi. Jazoni sodir etilgan jinoyat uchun qasos, o‘ch olish deb sharhlaydigan huquqiy tizimlar qasoskorlik nazariyasiga asoslanadi. Jazoni jinoyatning oldindani olish, to‘xtatib qolish omili deb tushuntiradigan huquq maktablari esa maqsadga muvofiqlik nazariyasiga asoslanadilar. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat qonunida jazoning mohiyatiga jinoyatchilikka qarshi kurash vositalaridan, lekin bosh vosita deb emas, balki yordamchi vosita deb yondashuvida namoyon bo‘ladi. Bu qoida Jinoyat kodeksi 2-moddasida mustahkamlangan.

Birinchidan, jazo jinoyat qonunida belgilangan davlatning majburlov chorasidir. Jinoyat qonunining yagona manbai O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bo‘lganligi bois jinoiy jazodek majburlov chorasi Jinoyat kodeksida boshqa biron-bir hujjatda belgilanmasligi lozim.

Ikkinchidan, jazo ommaga ta’sir etish xususiyatiga ega bo‘lgan choradir. Jazo davlatning shaxs, jamiyat va davlat huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qabul qilgan qonunida belgilangan taqiqlarni buzish, yo‘l-yo‘riqlarini bajarmaslikdan iborat muayyan shaxsning jinoiy xulq-atvoriga qarshi qaratilgan majburiy javob chorasidir.

Davlatning normal faoliyatini ta’minlaydigan mazkur qonunning asosiy ijtimoiy vazifasi butun jamiyat uchun eng muhim va qimmatli bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni muhofaza qilishdan iboratdir. Shu bois jinoyat sodir etishda aybdor shaxslarga nisbatan davlat tomonidan qo‘llaniladigan jazo jamiyatimiz a’zolari bo‘lgan barcha fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiriladi.

Uchinchidan, jazo – O‘zbekiston Respublikasi sudlov tizimining tarkibiy qismi – sudning hukmi bilan jinoyat sodir etishda aybdor hisoblangan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan chorasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 106-moddasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi, deb yozilgan. Konstitusiyaning 26-moddasida esa jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor xisobanmaydi, deb ta’kidlanadi. Shundan kelib chiqib, shaxs faqat sudning ayblov hukmi bilan, aybdor deb topilishi mumkin; mazkur hukmning oqibati sifatida unga jazo qo‘llanishi kerak.

Jazo tayinlashning umumiy asoslari, eng avvalo, jinoyat sodir etishda qonunning prinsiplari bilan bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 10-moddasida «Qilmishda jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart» , -deyiladi.


                          Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha
                          sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi J.Ubaydullayev