Surxondaryoda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Surxondaryoda “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

 

Bugun Termiz tumanidagi “Marvarid” dam olish maskanida viloyatimiz shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan nuroniy otaxon va onaxonlar, davlat mukofotlari sohiblari, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, ijtimoiy soha ilg‘orlari, ijodiy tashkilotlar vakillari hamda yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.

 

Turli millat va turli yosh vakillarini mushtarak maqsad yo‘lida bir davraga jam qilgan tadbir doirasida boshqa shu kabi tadbirlardan farqli o‘laroq ochiq osmon ostidagi amfiteatr atrofida bayram dasturxoni yozildi. Uning atrofida yig‘ilganlar dildan suhbat qurishdi. Samimiy muloqotlarda mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaltirish, xalqimizning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifaga aylangani taʼkidlandi.

 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqib, kirib kelayotgan 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni va “Navro‘z” umumxalq bayrami bilan barchani tabrikladi. Viloyat rahbari yangilanish va yasharish ayyomi bo‘lgan “Navro‘z” kirib kelishi munosabati bilan viloyatimizda keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini taʼkidlab, bu ishlarning borishida keksa nuroniylarimiz yoshlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, o‘rta yosh va yoshlar vakillari esa olib borilayotgan ishlarda faol bo‘lib, o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirdi.

 

Bu boradagi ishlarni amalga oshirish voha ahlining “bir yoqadan bosh chiqarib”, birlashib, birgalikda bir kuch bo‘lib harakat qilmog‘i lozimligi taʼkidlandi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson qadri uchun” g‘oyasi ostida olib borilayotgan islohotlarning viloyatdagi ijrosi, aholi turmush farovonligini oshirish, vohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.

 

Tadbirda el suygan, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Namozov va boshqa sanʼatkorlarning Ona Vatan, do‘stlik, ezgulik, hamjihatlik, mehr-muhabbat va tinch-totuv hayotni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchada iliq taassurot o‘yg‘otdi.

 

Tadbir yakunida nuroniylar mamlakat tinchligi va ravnaqi hamda xalqimiz farovonligini tilab, duoga qo‘l ochishdi.