Termiz shahri va Termiz tumanida yangi bog‘lar tashkil etilmoqda

Termiz shahri va Termiz tumanida yangi bog‘lar tashkil etilmoqda

 

Yashil hududlarni yaratish, tabiat musaffoligini taʼminlash maqsadida yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Surxondaryo viloyatida ham umummilliy loyihaning bahor mavsumida 10 milliondan ortiq daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada vohaning barcha hududlarida ishlar qizg‘in davom etmoqda.

 

Jumladan, bugun Termiz shahri va Termiz tumanida daraxt ekish aksiyasi o‘tkazildi. Termiz shahri “Sahovat” mahallasi hududidagi 1,3 gektar maydonda viloyat hokimligi bog‘i etish maqsadida daraxt ko‘chatlari ekish ishlariga start berildi. Hududda 10 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekib, istirohat bog‘i, elektromobillarni quvvatlash, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchalari, savdo do‘koni va qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, Termiz tumani “Yangiobod” mahallasida joylashgan 40 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Sektor rahbarlari bog‘i”da ham daraxt ko‘chatlari ekish ishlari boshlandi.

 

Tadbirlarda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, shahar va tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishib, daraxt ko‘chatlari ekish aksiyasini boshlab berishdi. Aksiya doirasida ko‘chat o‘tqazish ishlari davom etmoqda.