Ulug‘bek Qosimov: “Surxon vohasi rivoji va aholimiz farovonligi uchun bir musht bo‘lib, birgalikda harakat qilishimiz lozim”

Ulug‘bek Qosimov: “Surxon vohasi rivoji va aholimiz farovonligi uchun bir musht bo‘lib, birgalikda harakat qilishimiz lozim”

Bugun Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi”da Ulug‘bek Qosimovning viloyat faollari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Kengashi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, voha faollari, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi voha ahliga murojaat bilan chiqdi.

Bugungi kunda joylarda yangi ish o‘rinlarni yaratish, aholi daromadlarini oshirish, tuman markazlari va mahallalarni obodonlashtirish, ko‘p qavatli uy-joylarni taʼmirlash va boshqa tadbirlar boshlab yuborildi. Bu kabi tadbirlarni barcha mahalla va qishloqlarda amalga oshirish uchun har bir mahallada katta kuch borligi, mahalla raislari, hoji ota va hoji onalar, nuroniylar, otinoyilar, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda profilaktika inspektorlari bir bo‘lib harakat qilishi lozimligi bildirildi.

Viloyat rahbari o‘z murojaatida, ming afsuski, ayrim mahallalarda shuncha masʼullar va faollar bo‘la turib, ular bir maqsad uchun birikmayotganligi, ayrim mahallalarda aholi o‘rtasida “g‘iybat”, “dedi dedi gap”, ustozlar va yoshi katta insonlarni hurmat qilmaslik holatlari mavjudligi, o‘zlarida katta imkoniyatlar bo‘la turib boqimanda kayfiyatdagi odamlar ham borligini taʼkidladi. Eng yomoni, bunday muhit yoshlarimizning taʼlim-tarbiyasiga ham katta zarar yetkazishi aytib o‘tildi.

Viloyat hokimi faollardan aholining ichiga kirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning dardi, muammolarini tinglash, ularga o‘zida bor imkoniyatlardan, tomorqa va boshqa turdagi faoliyatlaridan samarali foydalanib, o‘z oilasi farovonligi yo‘ligida mehnat qilish zarurligi tushunchasini singdirishda targ‘ibot ishlarini olib borishda ko‘mak so‘radi.

Shunga asosan har bir hududga, viloyat, shahar va tumanlarning eng fidoiy, jonkuyar faollaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi. Ishchi guruhlarning asosiy vazifasi etib, mahalla ko‘chalari va xonadonlarni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, daraxt ekish, tomorqaga ekin ekish, ota-bobolardan qolgan qadriyatlarimizni tiklab, sharoiti og‘ir va imkoniyati cheklangan oilalarga hashar qilib, yordam berish, aholi muammolarini o‘rganib, mavjud imkoniyatlarni ishga solgan holda hal etish, buning uchun ushbu mahallada yashovchi fermerlar, tadbirkorlar hamda ushbu mahalladan chiqqan respublika, viloyat miqiyosida ishlayotgan rahbarlar hamda tadbirkorlarni jalb qilish, hududdagi maktab, bog‘cha, tibbiyot, madaniyat va sport muassasalari faoliyatini o‘rganish, davlat dasturi hamda byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining sifati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish ekanligi belgilandi.

Shuningdek, Yurtboshimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi o‘rtasida shukronalik kayfiyatini o‘yg‘otish, bir musht bo‘lib, birgalikda harakat qilib, voha rivoji, aholi farovonligini taʼminlash bosh maqsadimiz ekanligini targ‘ib qilish asosiy vazifa ekanligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ham viloyatimiz farovonligi va aholimizning yaxshi yashashi birinchi navbatda o‘zimizga, har bir fuqaromizga bog‘liq ekanligini, shunga ko‘ra harakat qilishimiz lozimligini aytib o‘tishdi.