SURXONDARYOLIK YOSHLAR UCHUN “MEETUP” UCHRASHUV O‘TKAZILDI

SURXONDARYOLIK YOSHLAR UCHUN “MEETUP” UCHRASHUV O‘TKAZILDI

Bugun Termiz shahridagi “Sanʼat saroyi”da yoshlarni “IT” sohasiga qiziqtirish, ularga motivatsiya berish maqsadida sohada katta muvaffaqiyatga erishgan, malakali mutaxassislar ishtirokida “Meetup” uchrashuv tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, soha yoshlariga murojaat yo‘lladi.

Bugungi kunda “IT” sohasi rivojlanib, barcha sohalarga kirib bormoqda. Shu bilan birga, Davlat rahbarining mazkur soha rivojiga eʼtibor qaratayotganliklari natijasida yoshlarni “IT” sohasiga qiziqtirish, ularga shart-sharoitlar yaratish, taʼlim berish, ulardan malakali mutaxassislar yetishtirib chiqarish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq, bu borada viloyatda holat quvonarli emas, sohada malakali kadrlar yetishmaydi, bor kadrlar ham barmoq bilan sanarli. Kadrlar yetishmasligi natijasida ushbu yo‘nalishda korxonalar tashkil etilmagan. 2022 yilda “IT” mahsulotlari umuman eksport qilinmagan.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida joriy yilda “IT” sohasida 3 ming nafardan ortiq mutaxassislar tayyorlash, 65 ming nafar yoshlarni “Coursera” taʼlim platformasida bepul o‘qitish, 1 mln dollardan ortiq “IT” sohasi hizmatlarini eksport qilish, sohaga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga sharoit yaratish maqsadida “IT” park filiali va akademiyasini qurish maqsad qilingan.

Viloyat rahbari o‘z murojaati yakunida yoshlarga “IT” sohasini o‘rganishlari va faoliyatlarini boshlash uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini, ulardan birgina talab, sohani mukammal o‘zlashtirib, viloyatda raqamli texnologiyalar rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishdan iborat bo‘lishini taʼkidladi.

Shundan so‘ng sohada muvaffaqiyatga erishgan malakali mutaxassislar, “IT” tadbirkor, “Smartup” va “Verifix” korxonalarini avtomatlashtirish tizimlari asoschisi, B2B sohasida 17 yillik tajribaga ega tadbirkor Abduqahhor Toshmuhammedov va “TenX Coders” kompaniyasi asoschisi Umid Negmatullayevlar “IT” tadbirkorlik va muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi. Sohaga yoshlarning qiziqishini oshirish maqsadida muloqotlar qilindi, ularning savollariga javob berildi