“Nova Farm” qo‘shma korxonasi faoliyati o‘rganildi

“Nova Farm” qo‘shma korxonasi faoliyati o‘rganildi

Viloyat hokimining bugungi rejasiga asosan, Termiz shahrini o‘rganish chog‘ida 2020 yil iyul oyida tashkil etilib, ishlab chiqarish quvvatini yiliga 5 ming qadoqqa yetkazgan va bu orqali 40 nafar fuqaroni ushbu sohaga qamrab olgan "Nova Farm” qo‘shma korxonasi faoliyati o‘rganildi.

Korxonada ayni vaqtda tadbirkor tomonidan quruq va suyuq holdagi in’yeksiyali preparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, zaruriy asbob-uskunalar va jihozlar Hindiston davlatidan olib kelingan. Tanishuv davomida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishga ham e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi va tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, viloyat rahbari tadbirkorning mavjud muammolari bilan ham qiziqdi. Mol-mulk solig‘i to‘lovlari bo‘yicha imtiyoz mavjud bo‘lsada viloyat Soliq boshqarmasi tomonidan ushbu imtiyoz qo‘llanilmay kelinayotgani, inshootning uchinchi blok suyuq va quruq in’yeksiya ishlab chiqarish binosi qurib bitkazilgan bo‘lsada, ushbu binodan foydalanishga Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan lisenziya berilmay kelinayotgani ta’kidlandi.

Viloyat rahbari Soliq boshqarmasiga imtiyoz masalasini qayta ko‘rib chiqish va muammoni qisqa muddatda qonuniy hal etish bo‘yicha vazifalarni yukladi. Shuningdek, mas’ullarga Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bilan bog‘langan holda yangi binodan foydalanishga ruxsat berilishi va tadbirkorga lisenziya olishda ko‘maklashish topshirig‘i berildi.