Surxondaryolik o‘quvchilarga ko‘krak nishoni topshirildi
Surxondaryolik o‘quvchilarga ko‘krak nishoni topshirildi
Termiz shahrida “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining surxondaryolik aʼzolariga ko‘krak nishoni va guvohnomalar tantanali ravishda topshirildi.
San'at saroyi hududidagi "Alpomish" haykali poyida viloyat markazi va tumanlarida joylashgan 6 ta maktabdan 6 nafar harakat rahbari va 120 nafar aʼzosi taqdirlash marosimida jam bo‘ldi.
Unda Mudofaa vazirligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, Termiz harbiy prokurori, viloyat hamda Termiz shahar va tuman hokimliklari, shahar Ma'naviyat va ma'rifat bo‘linmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar nishon egalarini samimiy tabriklab, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarga javoban, o‘quvchilar chuqur bilim egallab, Vatanga tayanch bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Ko‘zlarida shijoat yongan ertamiz egalari ko‘krak nishonlarini qabul qilib olar ekan, O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga tantanali ravishda vaʼda berdi.
Tadbir O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyati boshqarmasining sport texnikalari va ko‘rgazmasiga ulanib ketdi. Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan qo‘l jangi hamda faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahna chiqishlari, madaniyat markazi xonandalarining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.