Voha hududlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi, kelgusidagi vazifalar belgilab berildi

Voha hududlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi, kelgusidagi vazifalar belgilab berildi

Bugun viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlarida bo‘lib, olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi, aholi, jumladan xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida rejalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi bilan tanishdi.

Surxon vohasiga bahor fasli yurtimizning boshqa hududlaridan ancha erta, fevral oyining birinchi o‘n kunligidan kirib kela boshlaydi. Natijada dalalardagi ishlar, mahalla va ko‘chalarni obodonlashtirish, yo‘l yoqalari va maydonlarni ko‘kalamzorlashtirish, daraxtlarni butash, ularga shakl berish va boshqa ishlarimizni ancha erta boshlashimiz uchun zamin yaratadi. Ayni kunlarda viloyatimizda bu boradagi ishlar avj pallasida.

Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlarida magistral yo‘llar yoqasi, ko‘chalar va hiyobonlarda olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi daraxt va buta ko‘chatlari ekish ishlari ko‘zdan kechirilib, masʼullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.

Avval xabar berganimizdek, Angor tumanida xotin-qizlar bandligini taʼminlash maqsadida 1 ming ish o‘rniga ega hunarmandchilik markazi loyihasi amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va ayollar bandligini taʼminlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, angorlik bir guruh xotin-qizlar ushbu markazda faoliyatini boshladi. Viloyat rahbari mazkur hunarmandchilik markazida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishib, masʼullarga kelgusidagi chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Shuningdek, Angor tumani “Ilg‘or” mahallasi hududidagi foydalanishdan chiqqan 150 gektar yer maydon o‘zlashtirilib, maxsus texnikalar yordamida tekislash va ekin ekishga tayyorlash ishlari amalga oshirildi. Hozirgi kunda ushbu yer maydonlaridan 400 nafar ishsiz fuqarolarga 25 sotixdan berilgan bo‘lib, "Bir mahalla - bir mahsulot" tamoyiligi asosida 30 gektarda ekinlar ekilgan, shundan faqatgiga 5 gektar maydonda egatlarga plyonka to‘shalgan.

Loyiha doirasida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirgan viloyat rahbari, ishlar sust amalga oshirilayotganligi, ekin ekish va plyonkalash ishlarini amalga oshirilishi kechikayotganligiga eʼtiroz bildirib, masʼullarga ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, har bir kundan unumli foydlanib, ekinlarning ekilishini belgilangan muddatda yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari yakunida Termiz shahridagi ko‘chalar va ko‘p qavatli uylarning holati ko‘zdan kechirilib, turar-joylarning fasad qismini taʼmirlash, bo‘yash, zamonaviy ko‘rinishga keltirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi bilan tanishildi. Shahar masʼullariga ishlarni tezlashtirish, sifatli amalga oshirish, viloyat markazini zamonaviy ko‘rinishga va aholi uchun qulayliklarga ega shaharga aylantirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.