INSON HUQUQLARI – OLIY QADRIYAT

INSON HUQUQLARI – OLIY QADRIYAT

Maʼlumki, O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida taʼlimni takomillashtirish yuzasidan muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi taʼlim berishga qaratilgandir.

Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 07 fevral kunidagi PQ–46-son qarori asosida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Mazkur Milliy taʼlim dasturining asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yana-da oshirishdan iboratdir.

Milliy taʼlim dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:

aholining, ayniqsa yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, taʼlim berish faoliyati yana-da takomillashtiriladi, jamiyatda inson huquqlari madaniyati yana-da yuksaladi;

inson huquqlari sohasidagi taʼlimning asosiy tamoyillari va uslublarini o‘zlashtirish hamda to‘liq tushunishga ko‘maklashiladi;

aholining turli guruhlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklari, gender tenglik mazmun-mohiyatini tushunishga erishiladi;

davlat organlari xodimlari tomonidan inson huquqlarini amalda qo‘llash bilim va ko‘nikmalarining shakllanishiga erishiladi;

inson huquqlari sohasida ilmiy-tadqiqot va o‘quv jarayonini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirishga erishiladi;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari qo‘llanilishi va Inson huquqlari bo‘yicha Jahon taʼlim dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilishiga ko‘maklashiladi;

inson huquqlari bo‘yicha taʼlim sohasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish orqali mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar bo‘yicha ko‘rsatkichlari yaxshilanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 07 fevral kunidagi PQ–46-son qarori asosida:

 2023/2024 o‘quv yilidan professional va oliy taʼlim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi;

2023 yil 1 iyungacha mazkur kurslar joriy etiladigan professional va oliy taʼlim tashkilotlarining aniq ro‘yxati shakllantiriladi;

2023 yil 1 iyundan boshlab har yili “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi taʼlim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi;

2023 yil 1 martdan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etiladi;

2023 yil 1 maydan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tenglik bo‘yicha o‘quv kurslari (soatlari) joriy qilinadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar yo‘nalishi tashkil etiladi;

2023 yildan Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlovlarda ayollar, bola va yoshlar huquqlari masalalari qamrab olinishini taʼminlanadi.

Xulosa qilib aytganda, inson huquqlari sohasidagi taʼlim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini taʼminlashda hamda zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi                               Z.E.Mavlonov