VORISLIK HUQUQINING MAZMUN VA MOHIYATI

VORISLIK HUQUQINING MAZMUN VA MOHIYATI

Vorislik huquqi fuqarolarning xususiy mulk huquqi bilan chambarchas bog‘liqdir. Xususiy mulk egasining o‘z mulkiga nisbatan erkinligi, manfaatlari va huquqlari muhofazasi Konstitusiyamiz va milliy qonunchiligimizda mustahkamlab qo‘yilgan.
Jumladan, asosiy Qonunimizning 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqliligi, bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi kafolatlangan bo‘lsa, 53-moddasida xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, 54-moddasida esa mulkdorning o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf qilish huquqi mustahkamlanganligi belgilangan.
Shuningdek, amaldagi Fuqarolik kodeksi me’yorlariga muvofiq, vafot etgan fuqaroning mol-mulki yoki mulkka bo‘lgan huquq va majburiyatlari faqat ikki holatda qonun bo‘yicha vorislariga o‘tadi. Birinchidan, fuqaro mulkining o‘zi vafot etgandan keyingi taqdirini oldindan belgilagan, ya’ni vasiyatnoma qoldirgan hollarda vasiyatnoma asosida uning mol-mulki yoki mulkka bo‘lgan huquq va majburiyatlari qonun bo‘yicha vorislariga o‘tishini ko‘zda tutsa, ikkinchidan, vafot etgan fuqaro vasiyatnoma qoldirmagan hol bilan bog‘liqdir.
Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga ko‘ra, vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi. Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
Ushbu kodeksning 1113-moddasiga ko‘ra, meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.
Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:
yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;
hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;
aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;
mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;
mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.
Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin. Mulk egasi mulkining o‘zi vafot etganidan keyingi taqdirini oldindan, ya’ni o‘zi hali hayotligida belgilashi mumkin. Bu tegishli tartibda tasdiqlangan vasiyatnoma orqali amalga oshiriladi va Fuqarolik kodeksining
1120-1133-moddalarida belgilangan vasiyat bo‘yicha vorislik haqidagi me’yorlar bilan tartibga solinadi.
Shuni qayd etish joizki, meros mulki to‘g‘risida to‘liq tushunchaga ega bo‘lish uchun merosning ochilishi, merosning ochilish joyi, meros tarkibi, merosxo‘rlar va noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish tartibini bilish talab etiladi.
Meros ochilishi haqida so‘z borganda, fuqaroning o‘limi yoki fuqaroni vafot etgan deb topish meros ochilishiga yagona asos bo‘lishini ta’kidlash joiz. Merosning ochilishi ma’lum bir vaqt bilan belgilanadi. Jumladan, meros qoldiruvchining o‘lgan kuni, u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kirgan kun, meros ochilgan vaqt hisoblanadi.
Ta’kidlash kerakki, vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishi man qilingan shaxslar ro‘yxati qonunda belgilab qo‘yilmagan. Ammo amaldagi qonunlarimizda ma’lum bir cheklovlar o‘rnatilgan. Xususan, Fuqarolik kodeksining 1119-moddasida nazarda tutilgan asoslarda voris, shu jumladan, vasiyat bo‘yicha voris etib tayinlangan shaxs ham sudning hal qiluv qarori bilan noloyiq merosxo‘r deb topilib, meros olishdan chetlashtirilishi mumkin. Mazkur moddada ko‘rsatilishicha, meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birontasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.

qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning voris bo‘lishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.
Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi. Ushbu qoidalar vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Bu har qanday merosxo‘rga, shu jumladan, majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.
Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin. Demak, qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga asosan meros qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarida bo‘lgan va meros qoldiruvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar kirsa, vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlarni tayinlash meros qoldiruvchining mutlaq huquqi hisoblanadi va faqatgina uning xohish-irodasi bilan erkin tanlanadi.
Amaldagi Fuqarolik kodeksida vasiyat bo‘yicha vorislikning umumiy qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek, kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga, yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechtasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa mazmun kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.
Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan, oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi.
Merosdan majburiy ulush huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning faqat majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatan haqiqiydir.


Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov