Shahar ko‘chalaridagi mavjud holat va obyektlarning isitish tizimi o‘rganildi

Shahar ko‘chalaridagi mavjud holat va obyektlarning isitish tizimi o‘rganildi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyat shtabidagi muhokamadan so‘ng Termiz shahar ko‘chalarini muzlamalardan tozalash, qum-tuz aralashmasini sepish ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi.

Masʼullarga bu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, ishchi-xodimlar uchun issiq choy, kofe va yeguliklar yetkazib berish hamda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

1950 yillarda qurilgan va chala buzilgan ikki qavatli uylarning chiroqlari yoniq xonadonlariga ko‘zi tushgan viloyat hokimi, bu yerda yashayotgan fuqarolarning sharoiti bilan qiziqdi. 20 ta xonadon egalaridan 16 nafarini rozi qilib, qolgan 4 tasining roziligini olmasdan uyni buzishni boshlagan va qariyb ikki yildan buyon bu ishlarni to‘xtatib qo‘ygan tadbirkor va masʼullarning harakatsizligi keskin tanqid qilindi.

Bu yerda boquvchisini yo‘qotgan ayol voyaga yetmagan farzandlari bilan vayronalar ichida yashayotgani viloyat hokimining eʼtiroziga sabab bo‘lib, aybdorlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi va aholini sharoitlari mavjud bo‘lgan uylarga ko‘chirish hamda qurilish ishlarini jadallik bilan boshlash bo‘yicha masʼullarga aniq vazifalar yuklandi.

Shuningdek, viloyat rahbari markaziy isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda isitish tizimining ishlash holatini borib ko‘rdi va bu bo‘yicha boshqaruvchi tashkilot masʼullari bilan fikrlashdi.

Keyingi manzilda viloyat rahbari Termiz shahridagi 9-sonli hibsxonaning isitish tizimi va mavjud sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. Masʼullarga isitish tizimini barqaror ishlashini taʼminlash topshirig‘i berildi.

Viloyat rahbari o‘rganish ishlarini Termiz shahar tug‘ruq kompleksida davom ettirib, shifoxonaning isitilishi holati, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning yaqinlari uchun kutish joylarining tashkil etilganligi va boshqa shart-sharoitlari bilan tanishdi.

Mavjud muammolarni bartaraf etish, isitish tizimining barqaror ishlashini taʼminlash, bemorlarning yaqinlari uchun kutish joylarida sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.