Mahalla faollari uchun sharoitlar yaratiladi

Mahalla faollari uchun sharoitlar yaratiladi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahridagi “Do‘stlik” mahallasiga tashrif buyurib, mahalla binosini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli uchun bitta xona ajratilganligi, faollarning ishlashi uchun sharoitlar yaratilmaganligi tanqid qilindi.

Ayni masala yuzasidan Termiz shahar hokimligida mahalla faollari va shahar masʼullari ishtirokida muhokama o‘tkazildi. Unda viloyat rahbari Prezidentimiz belgilab berganlaridek barcha islohotlar mahalladan boshlanishi lozimligini taʼkidladi. Termiz shahridagi 37 ta mahallaning 11 tasida xotin-qizlar faollari uchun alohida xona ajratilmaganligi, qolganlari ham oldindan mavjud, taʼmirtalab xonalarda faoliyat yuritib kelayotganligi tanqid qilindi.

Shahar masʼullariga barcha mahallalardagi “beshlik” – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektorlari uchun alohida xonalar ajratish, ularning faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoit yaratish hamda zamonaviy kompyuter jamlanmalari bilan taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, haftaning har juma kunlari bittadan tuman (shahar)da xotin-qizlar faollari bilan uchrashib, amalga oshirilgan ishlar, xotin-qizlar muammolari va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilishi belgilab olindi.