Termiz shahri – Surxondaryoning turizm markazi

Bugun Termiz shahrini turizm markazi etib belgilash hamda viloyatga mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb etish maqsadida “Termiz gastronomik festivali” o‘tkazildi.

Turizmning o‘ziga xos yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan gastronomik turizm yo‘nalishida vohaning salohiyat va imkoniyatlarini ochib beruvchi ushbu festival doirasida qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Jumladan, dastlab viloyat “Matbuot uyi” binosida tadbirning ochilish marosimi hamda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar taqdimoti, shuningdek, festival doirasida tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rtasida V2V formatidagi uchrashuvlar hamda OAV vakillari va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillari va blogerlarga Surxondaryoda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar, Termiz shahrini turizm markazi etib belgilash borasida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Shundan so‘ng, festival ishtirokchilari uchun Termiz shahridagi mehmonxonalar, restoranlar va diqqatga sazovor joylarga press-tur tashkil etildi. Tur doirasida Termiz shahridagi “Best” va “Diplomat” restoranlarida tashkil etilgan tushlikda ishtirokchilar vohaning milliy taomlaridan bahramand bo‘lishdi.

“Bolajon bog‘i” hududidagi mobil sahnada tashkil etilgan viloyatning shahar va tumanlarining milliy taomlari ko‘rgazmasi hamda konsert dasturlari namoyishi festivalga bayramona shukuh bag‘ishladi.

Ayni paytda festival doirasida “Eng yaxshi taom” nominatsiyasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda.