Termiz shahar hokimligining boshqaruv xodimlari uchun ekspress-trening tashkil etildi

Termiz shahar hokimligining boshqaruv xodimlari uchun ekspress-trening tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi PQ-4472-son qarori bilan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldiga davlat fuqarolik xizmati sohasidagi kadrlarni tayyorlash, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, yangi kompetensiyalarni o‘rgatish vazifalari belgilab berilgan.

Mazkur trening rahbar-xodimlarda (hokim, hokimlik rahbar xodimlari, sektor rahbarlari hamda shahar tashkilotlari rahbarlari) hududning iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarining borishi va o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Treninglar bugungi kun rahbar-xodimlarning shaxsiy rivojlanish va ish samaradorligini oshirishga qaratilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK) asosida baholash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatining reyting ko‘rsatkichlari asosida baholash, qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligi, taym-menejment yoxud hamma narsaga ulgurish san’ati, hududlarda davlat investisiya dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirish masalalari, ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, stress va uni bartaraf etish usullari kabi dolzarb mavzularda bo‘ldi.
Trening davomida tinglovchilarga ish rejalar tuzish, yo‘l xaritalar ishlab chiqishga oid nazariy ma’lumotlar berilib, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, boshqaruvda samarali qarorlarni qabul qilish kabi bugungi kun rahbarlari uchun zarur ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Trening so‘nggida boshqaruv xodimlari, sektorlar rahbarlariga aholi muammolari bilan manzilli ishlash, faoliyatni tashkil etishda natijadorlikka erishishga xizmat qiladigan taklif va tavsiyalar berildi.

Kelgusida ushbu qisqa muddatli trening rahbar kadrlarida samarali boshqaruvning zamonaviy bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishda, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.