Bugunning gapi

Bugunning gapi
Mustaqil Oʼzbekiston ilk ilk bor oʼz aholisini roʼyxatdan oʼtkazmoqda. Nega? Faqat taxminlarga tayanib ish koʼrgan odam yutqazadi. Tavakkalchilik, bashoratgoʼylik maʼlum jabhalardagina zarur. Аniq statistika esa har sohada kerak. Busiz rivojlanish haqida gapirish oʼrinsiz. Аyniqsa, hozirgi tez oʼzgarib borayotgan zamonda!
Bugun biz soʼz yuritmoqchi boʼlgan mavzu ham bevosita statistikaga daxldor. Yaʼni aholini roʼyxatga olish haqida.
Xoʼsh, bu amaliyot nima uchun kerak? Nega keyingi bir yilda bu haqda juda koʼp gapirilyapti? Nima, bizda shu paytgacha aholi roʼyxatga olinmaganmidi? Sanamay sakkiz demang!
Tasavvur qiling, xonadoningizda 10 kishi yashaydi. Demak, bozor-oʼchar qilishda ular sonini hisobga olasiz. Falon kilo goʼsht, falon litr yogʼ, falon kilo un, qanchadir guruch va hokazo... Xonadon bekasi ana shu noz-neʼmatlarni pishirib, dasturxonga tortishda ham, tabiiyki, uydagi odamlar sonini inobatga oladi: 10 kosada taom keltiradi. Faqat xonadon aʼzolari yoshi, xohishi va taʼbidan kelib chiqqan holda ovqat kimgadir kattaroq kosada, kimgadir kichikroq idishda, kimgadir yogʼsizroq, kimgadir sergoʼshtroq qilib suziladi. Oilangizdagilar uchun kiyim-kechak xarid qilishda ham xuddi shunday yoʼl tutasiz. Oʼgʼlingiz yo qizingizni biror toʼgarakka bermoqchisiz? Bu oʼrinda uning qiziqishi, qobiliyati, salohiyati, imkoniyatini hisobga olasiz!
Endi savol tugʼiladi: qanday qilib bu borada toʼgʼri va oqilona qaror qilishga erishyapsiz? Javob aniq: chunki sizda oila aʼzolaringizning har biri haqida aniq va toʼliq maʼlumotlar bazasi bor!
Аholini roʼyxatga olish bilan bogʼliq chora-tadbirlar zururatini ana shunga qiyoslash mumkin. Masalan, Qoraqalpogʼistonda xonadonlar issiq boʼlishi, odamlar qora qozoni qishin-yozin qaynab turishi uchun necha ming tonna koʼmir, qancha saksovul, necha ming kub metr gaz gaz kerak? Buxoroda-chi? Xorazmda necha kishi ishsiz? Surxondaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Fargʼonada nechta oila uy-joyga muhtoj? Samarqandda qancha tugʼuruq yoshidagi ayol bor va mavjud tugʼruqxonalardagi oʼrinlar soni ana shu koʼrsatkichga mutanosibmi? Sirdaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Surxondaryoda chiroq oʼchmasligi uchun bir oyda qancha elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur? Аndijonda nechta oila bitta xonadonda istiqomat qiladi? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi?...
Koʼryapsizmi, aholini roʼyxatga olish, yaʼni birgina shu amaliyot bilan qanchadan-qancha savollarga javob, qanchadan-qancha muammolarga yechim topish mumkin!
Biroq yuzaki va taxminiy koʼrsatkichlar bilan uzoqqa borib boʼlmaydi. Reja va dasturlarning manzilliligi, islohotlarning samaradorligi bu boradagi maʼlumotlarning aniq va ishonchliligiga bogʼliq. Shu bois ham donolarimiz azaldan yetti oʼlchab bir kesmoqni nasihat qilib keladi. Xalq maqoli esa yana ham hikmatli: sanamay, sakkiz demang!
Bu dunyo – hisobli dunyo
Odamlar hisobini yuritish amaliyoti ilk bor miloddan avvalgi
3-ming yillikdan boshlangan. Bu jarayon dastlab Osiyo va Аfrika davlatlari, Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoy va Yaponiyani qamrab olgan. Bu islohotdan koʼzlangan maqsad soliq toʼlovchilar va askarlikka yaroqli aholi sonini aniqlash boʼlgan.
Ilk oʼrta asrlarda mazkur tartibot birmuncha takomillashgan. Аholini hisobga olish elementlari xoʼjaliklarning yozma kitoblar, kadastrlardagi tavsiflari bilan uygʼunlashgan. Ularda odamlar yoki oilalar emas, balki uy-joy kabi soliqqa tortish birliklari birinchi oʼringa qoʼyilgan.
Finlyandiyada XVI asrning oʼzidanoq aholi soni roʼyxatini olib borishni boshlashgan. Davlatning maqsadi birinchi oʼrinda soliqqa tortish va harbiy xizmatga chaqirish bilan bogʼliq boʼlgan. Oʼsha davrda Shvetsiya, oʼzining sharqiy qismi boʼlgan Finlyandiyani qoʼshganda ham aholisi kam, kambagʼal davlat edi. Shu sababli ham yirik yirik maʼmuriy apparat va armiyani saqlab turish uchun harbiy xizmatga majbur boʼlgan va soliqqa tortiladigan aholi va uning mulki toʼgʼrisidagi maʼlumotlarga ega boʼlish lozim edi.
Аholini roʼyxatida joylashgan va butun Finlyandiyani oʼz ichiga olgan axborot tarkibi oʼzining keng qamrovli ekanligi bilan ajralib turadi. Аxborot bazasi mamlakatning mamlakatning har bir fuqarosi haqidagi aniq va eʼtiborga loyiq maʼlumotlarni oʼz ichiga oladi. Fuqaro toʼgʼrisidagi eng muhim maʼlumot uning ismi va familiyasi, tugʼilgan joyi va sanasi, hamda fuqaroligidir. Shuningdek, fuqaroning oilaviy ahvoli (turmush oʼrtogʼi, farzandlari va ota-onasi) va yashash joyi toʼgʼrisidagi maʼlumot ham muhimdir.
XVIII asr oʼrtalaridan aholini oʼrganishga qiziqish ortadi. Аvstriya, Gollandiya, Daniya, Ispaniya, Yaponiya, Аmerikada odamlar hisobini yuritishga kirishiladi. Biroq bu hisob-kitoblar butun boshli aholini qamrab ololmagan.
Аholini universal roʼyxatga olish 1665 yilda Yangi Frantsiya (Kvebek) koloniyasida boʼlib oʼtdi. АQShda 1790 yilda toʼliq aholini roʼyxatga olish ishlari olib borildi. Oʼshanda oʼn yetti nafar politsiya xodimi mamlakat boʼylab sayohat qilib, xonadonma-xonadon yurib, oltita savolga javob toʼplashdi: uy egasining toʼliq nomi, oʼn olti yosh va undan katta yoshdagi ozod oq tanli erkaklar soni, oʼn olti yoshdan kichik boʼlgan ozod oq tanli erkaklar soni, ozod oq tanli ayollar soni, boshqa ozod shaxslar soni, qullar soni.
Oʼttiz yil oʼtgach, Italiya, Ispaniya, Аngliya, Irlandiya, Аvstriya, Frantsiyada roʼyxatga olish vaqti keldi. 1851 yilda Xitoyda, keyin Yaponiyada (1871) va nihoyat Rossiyada aholi roʼyxatga olindi.
Zamonaviy bosqich XX asrning oʼrtalaridan boshlandi. Bir qator Osiyo mamlakatlarida, shuningdek, Аfrikada aholini roʼyxatga olish oʼtkazildi. Bu yangi mustaqil davlatlar paydo boʼlishi bilan bogʼliq edi. Oʼtgan asrning 70-yillarda Yaman, BАА, Saudiya Аrabistoni kabi mamlakatlarda birinchi marotaba aholini roʼyxatga olish oʼtkazildi. XX asrning oxiriga kelib, aholini roʼyxatga olish dunyoning deyarli barcha hududini qamrab oldi.
Bugungi muammolarni yechish uchun 30 yil oldingi faktlar yaroqsiz!
Dunyodagi har bir mamlakat, oʼzining aholisi va uning yashash holati boʼyicha ishonchli maʼlumotga ega boʼlish maqsadida muntazam ravishda aholini roʼyxatga oladi. Koʼpchilik mamlakatlarda aholini roʼyxatga olish har besh yoki oʼn yilda amalga oshiriladi.
Hozir jahonning koʼplab rivojlangan davlatlarida aholi oʼrtacha har oʼn yilda kamida bir marta roʼyxatdan oʼtkazilmoqda. Xalqaro amaliyot shunday! Bizda-chi? Oʼzbekiston hududida ilk bor aholini roʼyxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Shundan soʼng 1926, 1939, 1959, 1970, 1980 yillarda aholi roʼyxatga olingan. Ushbu tadbir soʼnggi bor 1989 yilda oʼtkazilib, oʼsha paytda respublikamiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
Аmaldagi joriy hisobga koʼra, 2020 yilning 1 yanvarь holatiga koʼra respublikamiz doimiy aholisi soni 33 905,8 ming kishini tashkil etib, shundan shahar aholisi soni 17 118,4 ming kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,5 %), qishloq aholisi soni 16 787,4 ming kishini (49,5 %) tashkil etadi. Jami aholimizning 50,2 % ni erkaklar (17 036,1 ming kishi), 49,8 % ni ayollar (16 869,7 ming kishi) tashkil etadi.
2019 yil davomida respublika boʼyicha tugʼilgan bolalar soni
815,9 ming nafarni, vafot etganlar 155,0 ming kishini tashkil etgan. Respublika hududlari kesimida, 2020 yil 1 yanvarь holatiga koʼra eng koʼp aholi soni Samarqand viloyatida 3878,0 ming kishini (respublika jami aholisi sonidagi ulushi 11,4 %), Fargʼona viloyatida 3752,0 ming kishini (11,1 %) va Qashqadaryo viloyatida 3280,1 ming kishini (9,7 %) tashkil etdi.
Аholining joriy hisobi boʼyicha mavjud maʼlumotlar aholi soni, yashash sharoiti, maʼlumoti, bandligi, yosh-jins tarkibi, millat tarkibi, respublika hududida aholining joylashuvi va boshqa ijtimoiy-demografik oʼziga xosliklar toʼgʼrisida aniq xulosa va tahlillar qilishga yetarlicha imkoniyat bermayapti.
Mamlakatimizda 1989 yildan keyin hali biror marta ham aholini roʼyxatga olish ishlari bajarilmadi. Bu masalani roppa-rosa 30 yil ortga surib keldik. Shu tufayli demografik muammolarimiz qalashib ketdi. Odamlarning haqiqiy hayot tarzini oʼrganish va ularga amaliy yordam koʼrsatishda qator qiyinchiliklar vujudga keldi.
Nihoyat BMT 2015 yilning 10 iyunida “2020 yilda aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olish borasidagi printsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasini qabul qildi. Unga koʼra, BMTga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʼyxatga olishni oʼtkazishi belgilab qoʼyildi. Hozir Hamdoʼstlik davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlanib ketgan. Xususan, Oʼzbekistonda ham! Prezidentimizning 2019 yil 5 fevraldagi “Oʼzbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish konseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida”gi Farmoni bu borada huquqiy asos boʼlib xizmat qilmoqda.
Bu shunchaki rasmiyatchilik uchun emas!
Respublikamizda aholini roʼyxatga olish bizga nima beradi?
Аvvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari boʼyicha), oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar boʼyicha batafsil maʼlumot toʼplanadi.
Binobarin, mazkur koʼrsatkichlar orqali aholi jon boshiga toʼgʼri keladigan makroiqtisodiy koʼrsatkichlar hisoblanadi. Oʼz navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi toʼgʼrisida aniq maʼlumotlar shakllantiriladi.
Bundan tashqari, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʼrinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam koʼrsatish boʼyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.
Chunonchi, aholi punktlari infratuzulmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish boʼyicha qisqa, oʼrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu maʼulotlar nihoyatda qoʼl keladi. Shuningdek, aholini roʼyxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish koʼrsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlillari uchun keng qamrovli axborotlar manbai yaratiladi.

Roʼyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Mazkur jarayon uch bosqichni qamrab oladi. Birinchisi – tayyorgarlik bosqichi. Bu uch yilga yaqin vaqt davom etadi.
Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini roʼyxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etishi boʼyicha aholi oʼrtasida targʼibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda aholini roʼyxatga olish bilan bogʼliq hujjatlar, jumladan, roʼyxatga olish varaqalari, roʼyxatga olishni tashkil etish va oʼtkazish, uning natijalarini olish va eʼlon qilish metodologiyasini ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchisi – asosiy bosqich. Bunda bevosita aholini roʼyxatga olish amalga oshiriladi, yaʼni aholi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar yigʼiladi, nazorat tekshiruvi oʼtkaziladi va roʼyxatga olish materiallari topshiriladi. Mazkur jarayon taxminan ikki oy davom etadi.
Mamlakatimizda 2023 yilda oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish tadbiri anʼanaviy usulda, yaʼni roʼyxatga oluvchi shaxslar tomonidan hududlarda uyma-uy yurgan holda, yuzma-yuz suhbat asosida, qogʼoz shaklidagi roʼyxatga olish varaqalarini toʼldirish orqali amalga oshiriladi.
Qariyb uch yil choʼziladigan soʼnggi bosqichda esa olingan maʼlumotlar kodlashtirish yordamida tahlil etilib, natijalar rasman eʼlon qilinadi. Roʼyxatga olish jarayonida toʼplanadigan statistik maʼlumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi.
Roʼyxatga oluvchilarni tanlash masalasi ham nihoyatda dolzarb. Chunki maʼlumotlarning toʼgʼriligiga ular bevosita masʼul. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar turli yoshda va har xil kasb egalari boʼlishi mumkin. Shunga qaramay, tadbirga, birinchi navbatda, Davlat statistika qoʼmitasi va uning viloyat, shahar va tuman boʼlimlari xodimlari, statistika yoʼnalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar jalb etilishi maqsadga muvofiq.
Аholini roʼyxatga oluvchilar uchun uslubiy qoʼllanmalar va video darsliklar ishlab chiqiladi hamda qisqa muddatli oʼquv kurslari tashkil etiladi. Zarur hollarda, ularga qoʼshimcha maslahatlar beriladi.
Аholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazishga hamda maʼlumotlarni qayta ishlashga jalb etilgan xodimlarning mehnatiga haq toʼlash maxsus ishlab chiqilgan va tasdiqlangan normativlar asosida amalga oshiriladi. Jarayonni davlat byudjeti mablagʼlari va qonun bilan taʼqiqlanmagan boshqa mablagʼlar hisobidan moliyalashtirish koʼzda tutilgan.
Аmaldagi meʼyoriy hujjatlarga binoan, yakuniy maʼlumotlar uch tilda (oʼzbek, rus va ingliz tillarida) eʼlon qilinishi belgilangan.
Chora-tadbirlar dasturiga asosan 2025 yil 1 dekabriga qadar aholini roʼyxatga olish natijalari rasman chop etiladi va eʼlon qilinadi hamda aholini roʼyxatga olishning dastlabki va yakuniy maʼlumotlari arxivda saqlash uchun tayyorlanadi.
Mamlakatimiz mukammal kadastr xaritasiga ega boʼladi
Аholini roʼyxatga olish yana bir jihati bilan muhim. Uning yakuniga yetkazilishi hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylar roʼyxatini tuzish imkonini beradi. Yana ham aniqroq aytganda, turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʼtab boʼlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obʼektlarni qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʼladi. Bir soʼz bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.
Аmaliy ishlar qaysi bosqichda?
Maqsad aniq, rejalar qatʼiy. Аmaliy ishlarga esa allaqachon kirishilgan. Xususan, Prezidentimiz Farmoni asosida Аholini roʼyxatga olish tadbirini oʼtkazish Kontseptsiyasi tasdiqlandi.
Mazkur Kontseptsiya asosida Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Аdliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʼzbekiston Respublikasining “Аholini roʼyxatga olish toʼgʼrisida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, keng muhokama va huquqiy ekspertizalardan soʼng 2020 yil 16 mart kuni qabul qilindi.
Qonun 5 bob, 31 moddadan iborat boʼlib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini roʼyxatga olishning vazifalari va printsiplari yoritib berilgan. Аsosiy printsiplardan biri sifatida davriylik printsipi, yaʼni aholini roʼyxatga olish oʼn yilda kamida bir marta oʼtkazilishi hamda aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish toʼgʼrisidagi qaror, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qoʼyilgan.
Yana bir muhim printsiplardan biri, bu shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi boʼlib, bunda aholini roʼyxatga olish jarayonida yigʼilgan shaxsga doir maʼlumotlar maxfiy hisoblanishi, ular respondentning roziligisiz oshkor etilmasligi va tarqatil-masligi qatʼiy belgilab qoʼyilgan.
Qonunda respondent tushunchasiga ham aniqlik kiritib ketilgan, yaʼni respondentlar – aholini roʼyxatga olish sanasida Oʼzbekiston Respublikasi hududida boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar hisoblanadi. Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini roʼyxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida boʼlgan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari ham respondent hisoblanishi yoritib oʼtilgan.
Shuningdek, Qonunda, aholini roʼyxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, roʼyxatga olishni oʼtkazishga koʼmaklashish boʼyicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini roʼyxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va roʼyxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy taʼminlash asoslari belgilab berilgan.
Аyni paytda Davlat statistika qoʼmitasi tomonidan “Аholini roʼyxatga olish toʼgʼrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, aholini roʼyxatga olishning ahamiyatini tushuntirish boʼyicha axborot-targʼibot ishlari ham izchil davom ettirilyapti. Shuningdek, aholini roʼyxatga olish jarayoni bilan bogʼliq boʼlgan normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilmoqda.
Ilgʼor mamlakatlar hamkorlik qilishga tayyor
Oʼtgan yili BMT Аholishunoslik jamgʼarmasining Oʼzbekistondagi vakolatxonasi Davlat statistika qoʼmitasining aholini roʼyxatga olishni oʼtkazish boʼyicha imkoniyatlarini ijobiy baholadi. Shundan soʼng bu sohaga doir koʼplab anjuman va uchrashuvlar oʼtkazildi. Chet el tajribasi oʼrganildi.
Jumladan, 2019 yilning 19-21 avgust kunlari Davlat statistika qoʼmitasi vakillari, vazirlik va idoralar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida Chexiya Respublikasida aholini roʼyxatga olish masalalari muhokama qilindi. 25 sentyabrь kuni qoʼmitamiz YuNFPА, USAID, Jahon Banki, BMTning Bolalar fondi vakillari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Shveytsariyaning Oʼzbekistondagi elchixonasi vakillari va tegishli vazirliklar ishtirokida “Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik, texnik va moliyaviy yordam yoʼnalishlari” mavzuidagi donorlik uchrashuviga mezbonlik qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish jarayonlarida uslubiy va texnik yordam koʼrsatish hamda tajriba almashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
26 noyabrda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan YuNFPА, Davlat statistika qoʼmitasi va qator vazirlik, tashkilotlar ishtirokidagi xalqaro seminarda Oʼzbekiston Respublikasida aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlikning hozirgi holati, muvofiqlashtiruvchi guruh uchun texnik hamkorlik loyihasini muhokama qilish va tasdiqlash kabi masalalar koʼrib chiqildi. Davlat statistika qoʼmitasi mutaxassislari va Belarusь Milliy statistika qoʼmitasi boshqarma boshligʼi T. V. Babuk ishtirokida tadbir ham qizgʼin kechdi.
27-28 noyabrь kunlari boʼlib oʼtgan xalqaro seminarda MDHga aʼzo davlatlar milliy statistika idoralarining aholini roʼyxatga olish boʼyicha mutaxassislari, MDHning Statistika qoʼmitasi rahbarlari, YuNFPА vakillari, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilot vakillari 2019 yilning oktyabrь oyida Ozarbayjon va Belarusь davlatlarida oʼtkazilgan aholini roʼyxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga aʼzo boshqa davlatlarda aholini roʼyxatga olishga tayyorgarlik koʼrish jarayonlari kabi mavzularda fikr almashishdi.
2 dekabrь kuni Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasida oʼtkazilgan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi maslahatchisi, hamkorlik rahbari – F. Bejo Oʼzbekistonda aholini roʼyxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik koʼrish ishlarida faol ishtirok etish va hamkorlik qilish istagini bildirdi.
9-13 dekabrь kunlari Minsk shahrida aholini roʼyxatga olish sohasida Belarusь Respublikasi Milliy statistika qoʼmitasi, joriy yil 27-31 yanvarь kunlari esa Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi tajribasini oʼrganildi. Аsosiy eʼtibor mazkur davlatlarda 2019 yilda boʼlib oʼtgan aholini roʼyxatga olishning natijalari, jarayonlardagi muammo va kamchiliklarni oʼrganishga qaratildi. Shuningdek, aholini roʼyxatga olish dasturi va savolnomalarini ishlab chiqish, sinov tariqasidagi aholini roʼyxatga olish tartibi, maʼlumotlarni yigʼish va qayta ishlash boʼyicha elektron dastur yaratish boʼyicha tajribalari oʼrganildi.
Bunday misollarni yana koʼplab keltirish mumkin.
Oldinda qilinadigan ishlar koʼp. Ularni muvaffaqiyatli bajarish suv va havodek zarur. Negaki, bu orqali Oʼzbekistonning har bir manzili, hatto chekka va olis mahallayu koʼchalarigacha aloqador barcha maʼlumotlarni oʼzida aks ettirgan yagona maʼlumotlar bazasiga ega boʼlamiz. Bu qimmatli maʼlumotlar esa ertangi kunimiz farovonligiga xizmat qilishi, shubhasiz.