Surxondaryoda madaniy-ma’rifiy tadbirlar yakuniga bag‘ishlangan gala-konsert bo‘lib o‘tdi

Surxondaryoda madaniy-ma’rifiy tadbirlar yakuniga bag‘ishlangan gala-konsert bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 9-14 sentyabr kunlari mahalla fuqarolar yig‘inlarida poytaxtdan tashrif buyurgan 160 ga yaqin taniqli olim va shoirlar, qo‘shiqchi san’atkorlar, teatr va kino arboblari ishtirokida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy uchrashuvlar, eng sara kinofilmlar namoyishi yuksak saviyada tashkil etildi.

Bugun Termiz shahridagi San’at saroyi amfiteatrida ushbu dasturning yakuniga bag‘ishlangan gala-konsert bo‘lib o‘tdi.

Bayram avvalida Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov vohamiz ahlining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashish, olis qishloq va mahallalarda istiqomat qilayotgan mehnatsevar xalqimiz bilan jonli muloqotlar uyushtirish, konsert dasturlari, ijodiy uchrashuvlar tashkil etish maqsadida qariyb bir hafta davomida xalqimiz bilan hamnafas bo‘lib o‘zlarining eng sara ijod namunalari, kuy-qo‘shiqlari bilan yurtdoshlarimiz qalbiga kirib borgan taniqli shoir va yozuvchilar, elimiz suygan san’atkorlar, kino sanati ustalari, maьnaviyat targ‘ibotchilariga minnatdorchilik bildirdi.

Mahallalar, o‘quv muassasalari, mehnat jamoalari, paxta dalalarida 400 ga yaqin ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuv hamda konsert dasturlari tashkil qilinganligi va 300 mingga yaqin aholi vakillari, yoshlar qamrab olingani ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, xizmat ko‘rsatgan artistlar Anvar Gʻaniyev, Nilufar Saidova, Dilfuza Rahimova, Qursiya Esonova, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Karimboy Rahmonov, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Isroil Saidumarov, Iroda Iskandarov, Yodgor Mirzojonov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandalari Surayyo Qosimova, Hilola Samiyeva, estrada xonandalari Sardor Mamadaliyev, Muxlis Berdiyev, Kumush Mo‘minova va boshqa bir guruh san’atkorlar ijrosidagi qo‘shiqlar ishtirokchilarning maroqli dam olishiga xizmat qildi.