Onalik va bolalikni muhofaza yo‘lida xalqaro hamkorlik

Onalik va bolalikni muhofaza yo‘lida xalqaro hamkorlik

 

Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Ruminiya hukumati taqdim etgan tibbiy jihozlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Birlashgan Millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Ruminiya elchixonasi moliyaviy ko‘magida sotib olgan zamonaviy jihozlarni tantanali topshirishga bag‘ishlangan tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov, YUNISEF Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mamedzade va boshqalar mamlakatimizda keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi salomatligini mustahkamlab, tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda onalik va bolalikni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

 

Jamiyatimizda yuz berayotgan bu kabi o‘zgarishlar samaradorligini oshirishda Birlashgan Millatlar tashkiloti, shu jumladan, YUNISEF Bolalar jamg‘armasining o‘z o‘rni bor. So‘nggi yillarda tashkilot nafaqat mamlakatimiz balki Surxondaryo viloyatida ham bolalar huquqi bilan bog‘liq ta’lim, tibbiyot sohalarida qator loyihalarni amalga oshirib, mavjud muammolar yechimida faol ishtirok etmoqda. Joriy yil vohada tashkilotning hududiy ofisi faoliyat boshlagani viloyatga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam hajmini sezilarli darajada oshirish barobarida mazkur ofis orqali qo‘shni Afg‘oniston bolalarining huquqlarini ta’minlash loyihalarini ro‘yobga chiqarishga keng imkoniyat yaratdi.

Surxondaryo viloyatida ta’lim, tibbiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlayotgan YUNISEF shu yil vohadagi 15 ta ijtimoiy-ruhiy qo‘llab-quvvatlash va tashxis markazlariga 60 ming dollar miqdoridagi zamonaviy ofis va axborot texnologiyalari jihozlari, bolalarni rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar yetkazib berdi. Termiz shahrida birinchi tibbiy-sanitar yordami ko‘rsatish tizimini rivojlantirish loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Mazkur loyiha doirasida Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga Ruminiya elchixonasi moliyaviy ko‘magida qiymati 42 ming dollarlik yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni reanimasiya qilishda foydalaniladigan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, diagnostika vositalari va boshqa zarur tibbiy asboblarni yetkazib berdi.

Shuningdek, Termiz shahri, Termiz va Muzrabot tumanida tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish uchun oltita “Tez tibbiy yordam” mashinasini tuhfa qildi. Shu kuni tadbir ishtirokchilari YUNISEF ko‘magida ta’mirlangan Qizil yarim oy jamiyati Surxondaryo viloyati tashkiloti binosi va tashkilotda yangidan barpo etilgan ikkita konteyner omborxonasi bilan tanishdi.

YUNISEF Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade voha mahallalaridagi xotin-qizlar faollarining ish samaradorligini oshirishga yordam beradigan 700 dona planshet topshirdi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Ruminiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniel Kristian Chobanu so‘zga chiqdi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri