Yosh chegarachilar yangi o‘quv yilini yangi binoda qarshi oldi

Yosh chegarachilar yangi o‘quv yilini yangi binoda qarshi oldi

 

Termizda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati nuroniylari, isteьfodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar, harbiy akademik lisey o‘qituvchilari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda mustaqillik yillari ona Vatanimiz suvereniteti hamda hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ishonchli himoya qilishga qodir Milliy armiyamiz shakllangani ta’kidlandi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar, “Xalq va armiya – bir tanu, bir jondir”, degan ezgu g‘oya asosida yoshlarni vatanparvarlik ruxida tarbiyalashga qaratilayotgan yuksak e’tibor tinch, to‘kin Yangi O‘zbekistonni barpo etishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda tashkil etilayotgan harbiy maktab va akademik liseylar mard, jasur, Vatanga sodiq yoshlarni kamolga yetkazishda muhim omil bo‘lib, yosh avlodning harbiy sohaga qiziqish va intilishini kuchaytirmoqda.

Davlat Xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyi ham yoshlarni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yanada rivojlantirish hamda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Ta’lim muassasasi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uni bunyod etish va jihozlash uchun 62,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Keng, yorug‘ o‘quv va mashg‘ulotlar xonalari, fan kabinetlari, laboratoriyalar zamonaviy usulda jihozlandi. Barcha qulayliklarga ega yotoqxona, oshxona, sport zal, sport maydoni, 10 ming 460 dan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazi, ma’naviy-ma’rifiy xonalar barpo etildi. Viloyat hokimligi ikkita avtobus, ikkita yengil avtomashina hamda o‘quv mashg‘ulotlari uchun bitta “ISUZU” yuk mashinasi tuhfa qildi.

Ayni paytda liseyda 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 100 nafari joriy yilda jismoniy, psixologik va yozma ish hamda davlat test markazining sinovlari orqali qabul qilindi. O‘quvchilarga aniq va ijtimoiy fanlar chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi.

Mamlakatimizda yagona harbiy-akademik lisey o‘quvchilari ta’lim dargohi ish boshlagan o‘tgan o‘quv yilidanoq yaxshi natijalarga erisha boshladi. Shuningdek, qator iqtidorli o‘quvchilar ta’lim jarayonlarini puxta o‘zlashtirib, boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Jumladan, Jasurbek Ro‘ziyev joriy yil mart oyida “Temurbeklar maktabi” va “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyi o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonga qanot bo‘lamiz!” mavzuidagi respublika insholar tanlovida 33 nafar da’vogar o‘rtasida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

–Bolalikdan harbiy bo‘lib, sarhadlarimizni qo‘riqlashni orzu qilar edim, – deydi liseyning ikkinchi bosqich o‘quvchisi Jasurbek Ro‘ziyev.– Shu maqsadda maktabda a’lo baholarga o‘qib, jismonan chiniqdim. O‘tgan yili yangi tashkil etilgan liseyga hujjat topshirish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Barcha saralash bosqichlaridan o‘tib, ta’lim muassasasiga qabul qilindim. Bu yerda bizga eng tajribali, mohir o‘qituvchilar harbiy kasbiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha amaliy va nazariy bilim bermoqda. Bu bizning fan sirlarini chuqur o‘rganimizda muhim o‘rin tutmoqda. Yangi binoda esa ta’lim sifatini yanada oshirish uchun barcha zamonaviy qulayliklar yaratilgan.

Mamlakatimizda yosh avlodni chegara xizmatiga qiziqtirish va ularning Vatan himoyasiga hamisha shay turishi uchun uch bosqichli kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq birinchi bosqichda yurtimizning chegara oldi hududlarida “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etilib, ular bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ikkinchi bosqichda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik liseyida tajriba va mahorat oshirayotgan bo‘lsa, uchinchi bosqichda Amir Temur nomidagi DXX va Qurolli Kuchlar akademiyalari hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyati yaratilgan.

–Ta’lim muassasamizda o‘quvchilarning nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni puxta o‘zlashtirishi uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv sinflari ham mavjud, – deydi lisey direktorining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Abdug‘ani Mengliqulov.– Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi xonalari, laboratoriyalar, xorijiy tillar, musiqa, sport kabi to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. Hozir bu yerda mamlakatimizning barcha hududlaridan test sinovlari asosida qabul qilingan yoshlar bilim olmoqda.

Tantanali marosim yakunida tadbir ishtirokchilari uch qo‘shni davlat bilan chegaradosh hududdagi ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.

–O‘g‘lim Ulug‘bek o‘tgan yili shu liseyda o‘qish istagi borligini aytib qoldi, – deydi Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi Galabek mahallasida yashaydigan Baxtigul Normamatova. – U barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘quvchilar safidan o‘rin olganida quvonchimning cheki yo‘q edi. Axir, ona uchun farzandining kamolotga yo‘l olishini, yana ham harbiy libos kiyishini ko‘rishdan ortiq baxt bormi? Biz, ota-onalar bu yerda farzandlarimiz uchun yaratib berilgan sharoitlarni ko‘rib, yanada suyundik. A’lo baholarga o‘qishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va har taraflama toblanib, yurtni turli tahdidlardan himoya qiladigan mard, jasur o‘g‘lonlar bo‘lishi uchun barcha zamonaviy qulaylik mavjud. Farzandlarimizga bunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Tantanali marosimda muhtasham binoni barpo etgan quruvchilar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. O‘tgan o‘quv yilida erishgan a’lo natijalari Muhammadjon Eshmuradov va Jasurbek Ro‘ziyevga “A’lochi o‘quvchi” ko‘krak nishoni topshirildi. Harbiy xizmatchilarning jangovar ko‘rgazmali chiqishlari, DXX Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansamblining qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.

Liseyda ilk mashg‘ulotlar “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzuiga bag‘ishlangan darslar bilan boshlandi.

Tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari T.Bobolov, Davlat Xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor S.Xusanov ishtirok etdi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA