Termizda “Hamdoʼstlik – 2022” oʼquv mashgʼuloti boshlandi

Termizda “Hamdoʼstlik – 2022” oʼquv mashgʼuloti boshlandi

Аvval xabar berganimizdek, kecha oʼzbek–tojik harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi oʼquv mashgʼulotlarida ishtirok etish uchun qoʼshni Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Termiz shahriga yetib kelgan edi. Mehmonlar Termiz garnizonidagi harbiy qismga joylashgach, birgalikdagi oʼquv mashgʼulotlariga tayyorgarlik koʼrish uchun oʼzbek va tojik ofitserlari ishtirokida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi oʼrganib chiqildi.
Marosimda Mudofaa vazirligining Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrugi qoʼmondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov, Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʼi oʼrinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi soʼzga chiqib, hamkorlikdagi doʼstona oʼquv davlatlarimiz oʼrtasidagi doʼstlik rishtalarini yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi. Tinch, osuda hayotimiz posbonlarining oʼquv mashgʼulotlarini belgilangan tartibda sifatli oʼtkazishiga omad tiladi.
Tantanali tadbirda ikki yon qoʼshni davlat madhiyasi sadolari ostida Oʼzbekiston va Tojikiston Respublikalari davlat bayroqlari koʼtarildi. “Hamdoʼstlik – 2022” oʼquviga jalb etilgan harbiylar harbiy orkestr sadolari ostida saf maydonidan shaxdam qadamlar bilan oʼtdi.
Mashgʼulotlarning bugungi dasturi doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilari oʼrtasida Termiz dala-oʼquv maydonida joylashgan toʼsiqlar yoʼlagidan oʼtish mashqlari bajarildi. Futbol musobaqasi tashkil etildi. Mehmonlar kechki dam olish vaqtini sermazmun oʼtkazishi uchun qiziqarli kontsert dasturi namoyish etiladi.