Surxondaryolik gʼallakorlar mamlakatimizda birinchi boʼlib, tovar don topshirish rejasini ortigʼi bilan bajardi

Surxondaryolik gʼallakorlar mamlakatimizda birinchi boʼlib, tovar don topshirish rejasini ortigʼi bilan bajardi
Qishloq xoʼjaligi uchun ob-havo noqulay kelgan bu yilgi sharoitda 90,8 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos, ertapishar gʼalla navlarini parvarishlagan voha mirishkorlari shu kungacha qabul punktlariga 191 ming 116 tonna sara tovar don topshirdi. Don yetishtirishda boy tajribaga ega viloyat gʼallakorlarining bu yutugʼi keyingi yillarda qishloq xoʼjaligida yuz bergan tub oʼzgarish va yangilanishlarning amaldagi samarasidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan don yetishtirishning klaster usuliga oʼtkazilgani yerga, mulkka egalik hissini, gʼallakorlarning moddiy manfaatdorligini yanada oshirdi. Maysalarni parvarishlashda zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanib, agrotexnik tadbirlarni oʼz vaqtida sifatli bajarishga intilishni kuchaytirdi. Shunga muvofiq viloyatda bir tekis undirib olingan maysalarni parvarishlash, oziqlantirish va sugʼorish yumushlari mavjud agrotexnik tadbirlar asosida uyushqoqlik bilan bajarildi. Oʼrim-yigʼim mavsumini sifatli oʼtkazish uchun barcha ishlar otryad usulida tashkil etilib, har bir guruhga tegishli soha mutaxassislari jalb etildi. Mavjud kombaynlar va tashuv texnikalaridan samarali foydalanish uchun koʼchma taʼmirlash ustaxonalari hamda yoqilgʼi-moylash materiallari yetkazib beruvchi transport vositalarining tezkor xizmat koʼrsatishi yoʼlga qoʼyildi.
Viloyat gʼallakorlari erishgan bu yutuqqa Sherobod tumani gʼallakorlari 26 ming 380 tonna, Muzrabot tumani 24 ming tonna, Qiziriq tumani 21 ming 30 tonna, Denov tumani 20 ming tonna, Qumqoʼrgʼon tumani 18 ming 380 tonna, Jarqoʼrgʼon tumani 17 ming 989 tonna, Bandixon tumani 10 ming 991 tonna, Termiz tumani 6 ming 715 tonna, Аngor tumani 6 ming 500 tonna, Sariosiyo tumani 5 ming 610 tonna sara don topshirib, munosib hissa qoʼshdi.Аngor tumanidagi “Saidnosirxon”, “Saidmalikxon-Аngor”, Denov tumanidagi “Bunyodkor Tasmasoy”, Jarqoʼrgʼon tumanidagi “Jarqoʼrgʼon”, Termiz tumanidagi “Sharof Mohinur”, Sherobod tumanidagi “Аsl Surxon paxtasi” kabi koʼplab fermer xoʼjaliklari va Аngor tumanidagi “Аngor Surxon gʼururi”, Sariosiyo tumanidagi “Surxon Golden Treed” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonalari 80-85 sentnerdan sara don yigʼib oldi.Joriy yilda voha gʼallakorlari gektarlar hosildorligini oʼrtacha 63,8 sentnerga yetkazib, mavjud maydonlardan 579 ming 500 tonna sara don ishlab chiqarish va oʼtgan yilga nisbatan 80,2 ming tonna koʼp xom ashyo yigʼib olishni moʼljallamoqda.
Viloyatda gʼalla oʼrim-yigʼimi qizgʼin davom etmoqda.