Faol yoshlarga Surxondaryo viloyati hokimining pul mukofotlari topshirildi

Faol yoshlarga Surxondaryo viloyati hokimining pul mukofotlari topshirildi
Surxondaryo viloyatida joriy yilning 15-17 iyunь kunlari “Yangi Oʼzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Yoshlar festivali boʼlib oʼtgan edi.
Voha yoshlarini yagona maqsad yoʼlida birlashtirgan festivalda eng faol ishtirok etgan bir guruh yigit-qizlar viloyat hokimining 3-5 million soʼm pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Bugun viloyat hokimi oʼrinbosari J. Toʼraev pul mukofotlarini oʼz egalariga tantanali topshirdi. Taqdirlanganlar safida Oʼzbekiston davlat konservatoriyasi talabasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Kamila Аstanaqulova, Termiz davlat universiteti talabalari Munira Yusupova, Gulnoza Haydarova va boshqalar bor.
Denov tumanidagi Zartepa mahallasida yashovchi Shahnoza Ochildieva 49-maktabning 9-sinfida oʼqiydi. Bolalikdan jurnalist boʼlishni orzu qilgan qizaloq koʼp yillardan buyon nazm va nasrda ijod qilib keladi. Mamlakat va viloyat yoshlari oʼrtasida oʼtkazilayotgan turli koʼrik-tanlovlarda faol ishtirok etib, sovrinli oʼrinlarni qoʼlga kiritmoqda. Yaqinda uning “Yurakdagi orzularim”, deb nomlangan ilk sheʼriy toʼplami nashrdan chiqdi.
Yoshlar festivalida faol ishtiroki uchun Shahnoza ham viloyat hokimi tomonidan uch million soʼm pul mukofoti bilan ragʼbatlantirildi.
–Bu festivalь mening hayotimda alohida iz qoldirmoqda, – deydi Sh.Ochildieva. – Аyniqsa, unda milliy qadriyatlarimiz ulugʼlanib, qorabayir ot, doʼppi va doʼmbira keng targʼib qilingani, sport bellashuvlari, kitobxonlik va yosh ijodkorlar koʼrik-tanlovlari oʼtkazilgani men uchun kutilmagan yangilik boʼldi. Vohamizning turli hududlaridan yangi doʼstlar orttirdik. Boshqa yoshlar qatorida men ham viloyat hokimi mukofotiga sazovar boʼlganimdan xursandman. Endi bu pul mukofotini ham qoʼshib, ikkinchi kitobimni chop etishga beraman. Biz, yoshlarning baxtu-kamolatimiz yoʼlida alohida gʼamxoʼrlik koʼrsatib, har taraflama qoʼllab-quvvatlayotgan, isteʼdodimizni keng namoyish etish uchun barcha sharoitlarni yaratayotgan davlatimizdan minnatdormiz.
“Yoshlar oyligi” doirasida mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʼishlab oʼtkazilgan festivalь doirasida viloyatda 325 dan ortiq turli tadbir oʼtkazildi.